Raqobat qo‘mitasiga joriy yilning 9 oyida foydalanilmagan aviachipta pulini qaytarmaslik, yo‘lovchilarga parvozlar kechiktirilayotganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida yetkazmayotganligi, shikastlangan bagaj uchun yuk qiymatini to‘liq qoplab berilmasligi va parvozlar vaqtida yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarining talab darajasida emasligi yuzasidan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatayotgan aviakompaniyalarga e’tirozlar bildirilgan jami 200 dan ortiq iste’molchilardan murojaatlar kelib tushgan.
Qo‘mita tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida, iste’molchilar foydasiga 195 million so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Jumladan, Namangan viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro S.Sh.dan kelib tushgan murojaat “Air Samarqand” aviakompaniyasi tomonidan yuzaga kelgan muammo bilan bog‘liq. Fuqaro oilasi bilan Vetnam davlatiga uchish va qaytish uchun aviachiptalarni xarid qilgan. Bulardan 2 ta aviachipta biznes klass toifasiga taalluqli bo‘lib, parvoz vaqtida unga taklif qilingan qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatilmagan.
Qo‘mita tomonidan mazkur murojaat o‘rganib chiqilishi natijasida, “Air Samarqand” aviakompaniyasi haqiqatan ham parvoz vaqtida iste’molchiga yetarli darajada xizmat ko‘rsatmagani aniqlandi va 10 160 000 so‘m pul mablag‘i aviakompaniya tomonidan fuqaroga to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
Shuningdek, Toshkent shahrida yashovchi fuqaro N.S. o‘z murojaatida O‘zbekiston havo yo‘llari aviakompaniyasining rasmiy veb-sayti orqali Turkiya davlatiga borib-qaytish uchun Toshkent-Istanbul va Istanbul-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha jami 21 573 624 so‘mga oilasi uchun aviachipta sotib olgani, ammo aviakompaniyaning aybi bilan parvozdan qolib ketishganini bildirgan.
Qo‘mitaning olib borgan o‘rganishlarida, fuqaro N.S. farzandlariga tegishli pasportlarning amal qilish muddati 2024-yil oktyabr oyigacha bo‘lganligi, Turkiya davlati qonunchiliga ko‘ra, chet el fuqarosi davlatga kirganda pasportning amal qilish muddati kamida 150 kun bo‘lishi kerakligi, fuqaro rasmiy veb-sayt orqali aviachiptani xarid qilish vaqtida tizimga pasport ma’lumotlari va unga amal qilish muddati kiritilganligi, tizim pasport muddati Turkiya davlati talabiga to‘g‘ri kelmasligini bilgan holda ogohlantirishsiz aviachipta sotganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganishlar natijasida, rasmiy veb-saytning elektron chipta xarid qilish vaqtida iste’molchi tanishishi kerak bo‘lgan tegishli ma’lumotlar kiritildi va “Uzbekiston Airways” AJ tomonidan aviachiptaga to‘langan 21 573 624 so‘m pul mablag‘i iste’molchiga to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
Hurmatli iste’molchilar! Raqobat qo‘mitasi xizmat ko‘rsatuvchi aviakompaniyalardan chiptalarni elektron bron qilish yoki xarid qilishdan avval pasportga qo‘yiladigan talablar va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan mamlakatlarga kirish, ayrim mamlakatlarga tranzit kirish bo‘yicha hujjatlarga qo‘yiladigan talablari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan batafsil tanishib chiqishingizni eslatib o‘tadi.