Ijtimoiy tarmoq orqali “Monopolist kompaniya ishlab chiqargan “Damas” qulog‘ini ushlab ketdi. MChJga to‘langan pullar esa qaytarib berilmayapti…” mavzusida murojaat qoldirilgan. (https://t.me/r_kusherbayev/7586)
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur murojaat yuzasidan o‘rganish ishlari boshlanganini ma’lum qiladi.
Xususan, Raqobat qo‘mitasiga joriy yilning 9 oyi davomida iste’molchilardan avtomobillarni lizing va keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga olish olish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan 200 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularning 80 foizi “UMID AVTO LIZING” va “BUSINES ORIENTAUTO” MChJlar tarkibidagi korxonalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Mazkur murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida, iste’molchilarga 1 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lar qaytarilishi ta’minlangan.
Mazkur korxonalar iste’molchilarning pul mablag‘larini qisqa muddatda yangi avtomobil olib berish va’dasi bilan jalb qilib, o‘zlarining shartnomaviy majburiyatlarini lozim darajada bajarish maqsadida boshqa iste’molchilardan jalb qilingan mablag‘lar evaziga qoplash va iste’molchilardan olingan pullarni qaytarishni bir yildan ortiq muddatga kechiktirish (ushlab turish) hamda shartnoma shartlarini o‘z vaqtida bajarilmaslik holatlariga yo‘l qo‘ygan.
O‘z navbatida, o‘tgan yillarda “UMID AUTO LEASING” MChJ, “UMID AUTO-TASHKENT” MChJ, “UMID LIZING TASHKENT” MChJ, “ORIENT AVTO-LIZING” MChJ, “MEGA AVTO LEASIN-HAMKOR” MChJ, “MEGA-AUTO-LEASIN” MChJ, “SAMO RIMMAX AVTO” MChJ, “RIMMAX AUTO LEASIN” MChJ, “ISHONCH AUTO LEASIN” MChJ, “ASR AUTO LEASIN” MChJ, “BARAKA AVTO BARAKA BUSINESS” MChJlarning mansabdor shaxslariga nisbatan (firibgarlik, pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish holatlari bo‘yicha) jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Qolaversa, Qo‘mita tomonidan bunday firmalar xususida iste’molchilar bir necha bor ogohlantirilgan. (https://raqobat.gov.uz/avtolizing-firma-hizmatlaridan-fojdalanishda-ehtiyotkor-boling/) Biroq, shunga qarmay bugungi kunda iste’molchilar yuqoridagi kabi korxonalar aldovlariga ishonib, pul mablag‘larini topshirib qo‘ymoqdalar.
Qo‘mita tomonidan “Monopolist kompaniya ishlab chiqargan “Damas” qulog‘ini ushlab ketdi. MChJga to‘langan pullar esa qaytarib berilmayapti…” mavzusida murojaat (https://t.me/r_kusherbayev/7586) belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgandan so‘ng o‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.
Hurmatli iste’molchilar, avtolizing va ijara asosida avtomobillarni sotuvchi korxonalar bilan shartnoma tuzish (imzolash) va ularga pul to‘lashdan avval shartnoma shartlari bilan (to‘lov talablari va muammoli vaziyatlarda uni qaytarib olish muddati) to‘liq tanishib chiqing, firma ishonchliligini axborot manbalaridan tekshiring, har qanday aldov va va’dalarga ishonmang.