Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga Chinoz tumani fermer xoʻjaliklarining yoʻllagan murojaati Qoʻmitaning Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan vakolat doirasida oʻrganib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, “Agrobank” ATB tovar yoki moliya bozorida davlat reestrida “Fermer xoʻjaliklarini kreditlash xizmati” boʻyicha ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyekt hisoblanadi.
Mazkur murojaatni oʻrganish davomida fermer xoʻjaliklari “Agrobank” ATB Chinoz filiali bilan kredit shartnomasi va ta’minotchi tashkilotlarni ixtiyoriy tanlash boʻyicha shartnoma imzolagan. Biroq “Agrobank” ATB bosh ofisining Agrosanoat majmuini kreditlash boʻlimi tomonidan fermer xoʻjaliklardan ushbu kreditlarni ajratilishida mablagʻlardan erkin foydalanishiga hamda moddiy resurslar yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlashida bir qator sun’iy hamda byurokratik toʻsiqlar, xususan fermer xoʻjaliklariga ajratiladigan ushbu kredit mablagʻlari hisobidan mineral oʻgʻit, yoqilgʻi moylash mahsulotlari, texnika xizmati va texnikalarga ehtiyot qisimlar sotib olishda Chinoz tumani hokimligidan ushbu etkazib beruvchi korxonalarni ta’minotchilar roʻyxatiga qoʻshish uchun asossiz ravishda xat talab qilish holati ma’lum boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 06.03.2020-yildagi PQ-4634-sonli va 15.11.2021-yildagi PQ-10-sonli qarorlari bilan yuqoridagi kredit ajratish tizimining tartib-taomillari belgilangan hamda Vazirlar Mahkamasining 11.03.2021-yildagi 130-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga asosan uning tartiblari belgilangan.
Bundan tashqari, oʻrganish davri ma’lumotlariga koʻra, “Agrobank” ATB Chinoz filiali ma’lumotlariga asosan fermer xoʻjaliklariga Gʻalla-2024 yil hosilini yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablagʻining ishlatilgan qismi 4.6 mlrd soʻmni tashkil etishi aniqlandi.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, “Agrobank” ATB Toshkent viloyat boshqarmasiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuni buzilishi alomatlari boʻyicha tegishli tartibda ish qoʻzgʻatilib, belgilangan tartibda chora qoʻllanildi.
Shuningdek, bu kabi holatlar yuzasidan Respublika boʻyicha ham hududlar kesimida oʻrganishlar oʻtkazilmoqda.