“Korzinka” supermarketi tarmog‘i tomonidan turli xil usullarda tarqatilayotgan reklama axborotlarida “Kundalik xaridlarga eng arzon narx”, “Eng arzon narx – Korzinkada”, «…Eng unumlisiga keling!» degan reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan so‘z jumlalaridan foydalanilganligi kuzatildi.
Mazkur reklama axborotlarida qayd etilgan ma’lumotlarni o‘rganish natijasida aksiya doirasida kundalik ehtiyojlar uchun kerak bo‘ladigan ma’lum bir miqdordagi mahsulotlardan iborat bo‘lgan katalog joriy qilinganligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, ushbu katalogga kiritilgan mahsulotlarning narxlari “Makro” (“DARVOZA SAVDO” MChJ), “Havas” (“HAVAS FOOD” MChJ QK), “Baraka” (“URBAN RETAIL” MChJ QK), “Magnum” (“MAGNUM RETAIL” MChJ XK), “Bi1” (“NEW RETAIL” MChJ), “M COSMETIC” (“MAGNIT SREDNYAYA AZIYA” MChJ XK), “Olma” (“XALQ RETAIL” MChJ) singari supermarketlar tarmog‘i hamda “Farhod”, “Yunusobod” va “Chorsu” dehqon bozorlaridagi xuddi shunday mahsulotlarning narxlari bo‘yicha o‘tkazilgan monitoringlar natijasiga ko‘ra solishtirilganligi hamda taqqoslash uchun har bir tovarning alohida emas, balki savatning (katalogning) umumiy narxi olinganligi aniqlandi.
Reklamani bunday ko‘rinishda bo‘lishi reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishga olib keluvchi holatni ifodalashi mumkin.
Yuqoridagilarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 5-moddasi, 16-moddasi birinchi qismi va O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasi birinchi qismi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “ANGLESEY FOOD” MChJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi.