Raqobat qo‘mitasiga fuqarolardan savdo, kommunal va boshqa xizmatlar sohalari bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlar tizimli ravishda ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini tiklash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda
Quyida hududlar kesimida amaliy o‘rganish natijalardan ayrim misollar:
📍Xorazm viloyati
Hududiy boshqarmaga Urganch tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.X. xarid qilgan C11 rusumli avtomobil uchun 380 mln so‘m to‘lovni amalga oshirganiga qaramasdan, mahsulot yetkazib berilmayotganidan norozi bo‘lib murojaat qildi.
O‘rganishlar natijasida tadbirkorlik subyektiga qonunchilik talablari tushuntirilib, fuqaroga avtomobil yetkazib berilishi ta’minlandi hamda uning iste’molchi sifatidagi huquqlari tiklandi.
📍Buxoro viloyati
Hududiy boshqarmaga fuqaro K.B. tomonidan “Buxoro suvta’minoti” AJ ichimlik va oqava suv xizmatlari uchun asossiz to‘lov hisoblagani yuzasidan murojaat kelib tushdi.
O‘rganishlarda hisob-kitoblarda amaldagi tariflar noto‘g‘ri qo‘llangani aniqlanib, natijada iste’molchiga asossiz hisoblangan 3 mln so‘mga yaqin mablag‘ni bekor qilish ta’minlandi.
📍Toshkent viloyati
Hududiy boshqarmaga fuqaro Chirchiq shahridagi “Korzinka” savdo majmuasida sotilgan ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining qadoqlanishi, markirovkasi va sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha kamchiliklar mavjudligi yuzasidan murojaat qildi.
O‘rganishlar natijasida iste’molchining xarid uchun sarflagan 700 ming so‘mga yaqin mablag‘i qaytarilishi ta’minlandi hamda qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanildi.
📍Sirdaryo viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining Sirdaryo viloyati filialida aholiga ko‘rsatilgan pullik tibbiy xizmatlar narxlarining shakllantirilishi o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasida 71 nafar iste’molchi bilan hisob-kitoblarda qonunchilik talablari buzilgani va 1 mln so‘mdan ortiq asossiz daromad olingani aniqlandi. Natijada qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha muassasaga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, qonunchilik talablari asosida iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash, asossiz hisoblangan to‘lov va qarzdorliklarni bekor qilish, nuqsonli mahsulotlarni almashtirish hamda xizmat ko‘rsatuvchi va sotuvchi subyektlar tomonidan qonun talablariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.








