Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazida ustun mavqeni suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi
2026-yil 17–18-iyun kunlari Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazida “Ustun mavqeni suiiste’mol qilish/Bir tomonlama xatti-harakatlar: tergov qilish va huquqni qo‘llash amaliyoti. Germaniya tajribasi hamda uni O‘zbekistonda joriy etish va qo‘llash masalalari” mavzusida xalqaro amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Seminar Germaniyaning Sparkassenstiftung xalqaro hamkorlik jamg‘armasi (German Sparkassenstiftung) hamda Germaniya Federal kartel idorasi (Bundeskartellamt) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Seminarni kirish so‘zlari bilan Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi direktori Olimjon Jumayev, German Sparkassenstiftung jamg‘armasining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishi rahbari Liya Grauberger hamda Germaniya Federal kartel idorasi vakili doktor Feliks Engelsing ochib berdi.
Ikki kun davom etgan seminar davomida ishtirokchilar Germaniyada ustun mavqeni suiiste’mol qilish holatlari bo‘yicha ishlarni tergov qilish amaliyoti bilan tanishdilar, chakana savdo, raqamli platformalar va innovatsion bozorlar sohasidagi real misollarni ko‘rib chiqdilar, shuningdek, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlarini aniqlashda dalillarni yig‘ish va iqtisodiy tahlil o‘tkazishning zamonaviy yondashuvlarini muhokama qildilar.
Seminarda amaliy mashg‘ulotlarga alohida e’tibor qaratilib, uning doirasida ishtirokchilar axborot so‘rovlarini tayyorlash, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bozor xatti-harakatlarini tahlil qilish hamda raqobat qonunchiligi buzilishi bo‘yicha qaror loyihalarini ishlab chiqish ko‘nikmalarini mustahkamladilar.
Mazkur seminar ilg‘or xalqaro tajriba almashish, Qo‘mita xodimlarining kasbiy salohiyatini yanada oshirish hamda O‘zbekiston va Germaniya raqobat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.








