O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining tashabbusi bilan respublika bo‘ylab mahalliy ijroiya hokimiyati va boshqa davlat organlarining hududiy bo‘linmalari, shuningdek, tegishli hududda joylashgan tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlari ishtirokida “Yangi raqobat qonunchiligi – raqobatni himoya qilishning zamonaviy huquqiy asosi” mavzusida navbatdagi o‘quv-seminarlar tashkil qilindi.
Namangan, Jizzax, Sirdaryo, Xorazm, Surxondaryo va Andijon viloyati hududiy boshqarmalari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan o‘quv-seminarlarda asosiy e’tibor ustun mavqe va muzokara kuchini suiiste’mol qilishni taqiqlash, korxonalar tomonidan raqobatni cheklaydigan hujjatlar qabul qilinishi hamda harakatlar (harakatsizliklar) amalga oshirilishini taqiqlash, birja, tender savdolarida raqobatni cheklashga qarshi talablar kabi tushunchalarni tadbir ishtirokchilariga amaliy misollar yordamida tushuntirishga qaratildi.
O‘quv-seminar davomida O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6- iyuldagi PF-108-son Farmoni hamda boshqa qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyati va ahamiyati bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, seminar davomida ishtirokchilar davlat xaridlarini o‘tkazishda raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi hamda davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirib, o‘zlarining qator savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar olishdi.