Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga joriy yilning o‘tgan davri mobaynida iste’molchilardan umumiy ovqatlanish korxonalarida (restoran kafe, oshxona va bufet) ko‘rsatilayotgan xizmatlarda sanitariya-gigiyena talablari buzilayotganligi, narxlarni oshirib qo‘llash hamda taomnomalarning davlat tilida taqdim etilmayotganligi yuzasidan 250 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan.
Raqobat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bilan hamkorlikda respublikada faoliyat yuritayotgan 700 ga yaqin ovqatlanish korxonalarida tanlanma asosida o‘rganish ishlari olib borildi.
Olib borilgan o‘rganishlarda, umumiy ovqatlanish subyektlari tomonidan iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishda ovqat tayyor bo‘lish vaqti, narxi va to‘lash shartlari haqida to‘g‘ri tushunarli ma’lumot taqdim etmaslik, taomnomalarda tayyor ovqatlarning hajmlari ko‘rsatilmaganligi, yo‘l bo‘yida sanitar qoidalariga nomuvofiq joylarda ovqat tayyorlash, tayyor ovqatni yetkazib berish, tashish va saqlashdagi muammolar shular jumlasidandir.
Shuningdek, o‘rganish ishlarida qamrab olingan 700 ga yaqin umumiy ovqatlanish korxonalarining:
524 tasida – (75%) taomnoma davlat tilida emas;
480 tasida – (69 %) ish rejimi ko‘rsatilmagan;
449 tasida – (65 %) narxnomalar mavjud emas;
429 tasida – (62%) avtoturargohlar mavjud emas;
519 tasida – (74,6 %) favqulodda vaziyatlari uchun chiqish yo‘laklari mavjud emasligi aniqlangan.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan yuqoridagi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vakolatli organlarga(Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi va O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi) tegishli tartibda ma’lumotlar kiritildi.
Ma’lumot uchun: Ushbu sohani tartibga soluvchi quyidagi me’yoriy hujjatlarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish uchun yetarli asoslar belgilangan:
– “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun;
– Vazirlar Mahkamasining 13.02.2002-yildagi 75-son qarorida Umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalari;
– Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Adliya vazirligidan 20.08.2022-yilda 104-raqami bilan qayd etilgan qarori bilan tasdiqlangan Umumiy ovqatlanish korxonalariga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablari va Umumiy ovqatlanish xizmatlari Umumiy ovqatlanish korxonalari klassifikatsiyasi va umumiy GOST 30389-2013 talablari.
– Sog‘liqni saqlash vazirining Adliya vazirligi tomonidan 29.08.2012-yilda 2387-raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan buyrug‘i bilan tasdiqlangan xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Nizomi.
Hurmatli iste’molchilar! Umumiy ovqatlanish korxonasi tomonidan yuqoridagi keltirib o‘tilgan talablar buzilishiga duch kelib, huquqlaringiz buzilgan taqdirda, Raqobat qo‘mitasining yagona ishonch (1159) raqamiga murojaat qilishingiz mumkinligini eslatib o‘tamiz.