FUQARODAN SAVOL:
– Sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan sifatsiz va yaroqlilik muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlari qanday yo‘q qilinadi?
JAVOB:
Ilhom Xabibullayev,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bosh mutaxassisi.
Yaroqlilik muddati o‘tgan, sifatsizligi belgi berib turgan, taqqoslash va ishlab chiqaruvchisini aniqlash mumkin bo‘lmagan, shuningdek sanitariya-gigiyena ekspertizasi, laboratoriya tekshiruvlari va (yoki) veterinariya, veterinariya-sanitariya ekspertizasi va sertifikatlashtirish sinovlari natijalariga ko‘ra davlat sanitariya nazorati va (yoki) davlat veterinariya xizmati organlari tomonidan ovqatga ishlatish uchun yaroqsiz deb topilgan oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarilish va realizatsiya qilinishdan olib tashlanadi, u belgilangan maqsadda ishlatilmasligi hamda qayta ishlanishi yoki yo‘q qilib tashlanishi kerak.
Oziq-ovqat mahsulotini qayta ishlash yoki yo‘q qilib tashlash usullari va shartlari uchun egasi tomonidan tegishli davlat nazorati organlari bilan kelishib olinadi.
Oziq-ovqat mahsulotidan foydalanish (uni qayta ishlash) yoki yo‘q qilib tashlash uning egasi tomonidan yoki mahsulot egasi shu ishlarni bajarishni shartnoma bo‘yicha topshiradigan tashkilotlar tomonidan komissiya ishtirokida amalga oshiriladi. Komissiya tarkibiga davlat hokimiyati mahalliy organlarining, davlat nazorati organlarining, soliq organlarining va jamoatchilikning vakillari kiradi.
Oziq-ovqat mahsuloti hayvonlarga еm sifatida ishlatilgunicha yoki yo‘q qilib tashlagunicha alohida joyda (rezervuarda), alohida hisobda, miqdorini, ishlatish (qayta ishlash) yoki yo‘q qilib tashlash usullari va shartlari aniq ko‘rsatilgan holda saqlanishi kerak. Bunday mahsulotning but saqlanishi uchun uning egasi javobgar bo‘ladi.
Oziq-ovqat mahsulotini ekspertiza qilish, yo‘q qilib tashlash usullari va shartlarini belgilash, qayta ishlash, saqlash, tashish va yo‘q qilib tashlash bilan bog‘liq xarajatlarni uning egasi to‘laydi.
Oziq-ovqat mahsulotining egasi davlat sanitariya nazorati va (yoki) davlat veterinariya xizmati organlariga ushbu mahsulotdan foydalanilganligi yoki u yo‘q qilib tashlanganligi to‘g‘risidagi dalolatnomani taqdim etadi.
MANBA: O‘zbekiston Respublikasining “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuni 30.08.1997 yildagi 483-I-son.