O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga fuqaro Ishqurbonova Mohichehra Bahodirovnaning qilgan murojaati Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘rganildi.
Murojaatda fuqaro Qarshi shahar Nasaf ko‘chasida qurilayotgan qo‘p qavatli uydagi xonadonlardan birini sotib olish uchun Qarshi shahar “Norbo‘ta savdo” xususiy korxonasi bilan 2018-yilning 24-may kuni rasmiylashtirilgan 57-sonli shartnomaga asosan unga uy qurib topshirilishi uchun 66 million 900 ming so‘m pul to‘laganligi, lekin o‘zi og‘ir kasalga chalinib qolib, uy-joy to‘lovining qolgan bir qismini to‘lash uchun imkoni bo‘lmaganligi, to‘lov amalga oshirilmagandan so‘ng esa quruvchi tomonidan unga ajratiladigan uy-joyning boshqa shaxsga berib yuborilganligi bildirilib, uy-joy uchun to‘lagan to‘lov summasining qaytarib berilishi bo‘yicha “Norbo‘ta savdo” xususiy korxonasiga murojaat qilib natijaga erisha olmaganligi sababli iste’molchi sifatida huquqlarining himoya etilishi bo‘yicha amaliy yordam berilishini so‘ragan.
Viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan ushbu murojaatda qayd etilgan muammolar bo‘yicha “Norbo‘ta savdo” xususiy korxonasiga so‘rov xati bilan murojaat qilindi. Murojaatni o‘rganish davomida muammo yechimi yuzasidan to‘plangan hamda “Norbo‘ta savdo” xususiy korxonasidan olingan ma’lumotlar tahlili natijalariga ko‘ra, hududiy boshqarma pudratchi korxonaga qonunchilik talablari asosida iste’molchi tomonidan to‘langan to‘lov pulining qaytarilib berilishi talabini qo‘ydi va mazkur talab asosida 2023 yilning 14 iyun kuni pudratchi subyekt tomonidan fuqaro Ishqurbonova Mohichehra Bahodirovnaga uy-joy uchun to‘lagan 65 mln. 900 ming so‘mlik to‘lov puli fuqaro foydasiga qaytarilishi ta’minlandi.