Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan “ISSIQLIK ELEKTR STANSIYALARI” AJ tizimidagi “TOSHKENT ISSIQLIK MARKAZI” MCHJning 2021-2023-yillar davomida iste’molchilarga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi narxlari (tariflari) shakllanishi va qo‘llanilishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazilib quyidagilar aniqlandi.
Mazkur tabiiy monopoliya subyekti tomonidan ishlab chiqarilgan issiqlik energiyasi narxlari Toshkent shahar moliya organi tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra har bir Gkal uchun 13,3 m3 suv me’yorda sarflanishi belgilangan. Qayd etilgan issiqlik energiyasi narxlari (tariflari) bo‘yicha haqiqatda qilingan xarajatlar o‘rganilganda har bir Gkal uchun belgilangan me’yor 14,01 m3ga oshirilganligi aniqlangan. Natijada jamiyat tomonidan suv sarfiga belgilangan me’yor 0,71 m3ga oshirilib, 4 728,85 ming m3 ortiqcha suv sarflangan, buning oqibatida 2023-yil davomida sotilgan 6 667 124,3 Gkal issiqlik energiyasi hajmiga nisbatan 2,5 milliard so‘mdan ortiq asossiz daromad olinganligi aniqlangan.
“TOSHKENT ISSIQLIK MARKAZI” MCHJning yuqoridagi harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 28-oktyabrdagi 239-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 36-bandi yettinchi xatboshisi talablari buzilgan deb topilib, jamiyatga nisbatan o‘rnatilgan tartibda ish qo‘zg‘atildi va natijasi yuzasidan ortiqcha olingan daromadni ixtiyoriy ravishda iste’molchilarga qaytarish yuzasidan ko‘rsatma berildi.