Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi chuqur taassuf bilan Qo‘mita huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi direktori o‘rinbosari, iqtisod fanlari nomzodi, “Shuhrat” medali sohibi Ortiqov Hudaybergan Azimboyevich vafot etgani haqida xabar qiladi.
Hudaybergan Azimboyevich 1974-yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan va uzoq yillarda iqtisodiy-moliyaviy sohada davlat boshqaruvining turli jabhalarida faoliyat yuritib yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga o‘z xissasini qo‘shib kelgan, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-iqtisodiy siyosat masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi xizmatida, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimida va so‘ngi yillarda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tizimida mas’uliyatli lavozimlarda ishlagan. Uning fan nomzodi darajasi va benuqson obro‘si uni iqtisod sohasida yetuk mutaxassisga aylantirdi.
Hudaybergan Azimboyevich Qo‘mita tizimida 2021-yildan buyon tovar, moliya va raqamli bozorlarni tahlil qilish boshqarmasiga rahbarlik qilgan, 2023-yildan esa Qo‘mita huzuridagi yangi tashkil etilgan Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazida direktori o‘rinbosari – ilmiy tadqiqotlar va malaka oshirish yo‘nalishini boshqargan va ilmiy izlanishlari bilan sohani rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shdi.
Ushbu yo‘qotish butun jamoamizni chuqur qayg‘uga soldi. Ortiqov Hudaybergan Azimboyevich soha rivojiga qo‘shgan xissasi, uning professionalligi, fidoyiligi va ajoyib fazilatlari qalbimizda abadiy saqlanib qoladi.
Marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi jamoasi.