Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-noyabr kuni Termiz shahrida barpo etilgan Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasini borib ko‘rdi.
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 21-apreldagi qaroriga muvofiq, mamlakatimizning barcha hududlarida yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etilmoqda. Bu ularning tadbirkorlik faoliyatini boshlashi va yuritishlari uchun zamin bo‘lmoqda.
Termiz shahrining Tinchlik mahallasi hududida ham shunday sharoit tashkil etildi. 2 gektar maydondagi binolarda jami 42 ta loyiha joylashtirildi. Ular qurilish materiallari, kimyo va neft-kimyo, mebelsozlik, oziq-ovqat, to‘qimachilik sanoatiga taalluqli. Binolarni xarid qilish, uskunalar olib kelish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan imtiyozli kreditlar tijorat banklari orqali ajratiladi. Barcha korxonalar ishga tushgach, 500 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.
Davlatimiz rahbari bu yerda joylashtirilgan korxonalar mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi. Ulardan biri anor sharbatini qadoqlab, qo‘shni davlatlarga eksport qilmoqda. Yana biri kiyim va gilam to‘qishni yo‘lga qo‘yib, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan.
Prezident bunday sanoat zonalarini viloyatning har bir tumanida barpo etish, mahallalarda hunarmandchilik, kasanachilikni kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Ikki yillik tajribadan kelib chiqib, Surxondaryoda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilish, bunga 50 million dollar mablag‘ ajratish bo‘yicha taklif ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
– Bugungi tadbirkor yoshlar – Yangi O‘zbekiston mahsuli. Ularning bilimi ham, intilishi ham yangicha. Shuning uchun sanoat zonalarini yoshlarning o‘ziga berish kerak. Bu tumanlar uchun tayyor «loyihalar fabrikasi» bo‘ladi. Mutasaddilar faqat korxonalarni innovatsiyaga o‘tkazishga, bozorga chiqishga ko‘maklashishi kerak. Bunda asosiysi – tannarx, sifat, raqobat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, bu viloyat yoshlarining sportga qobiliyati zo‘rligi, lekin ular shug‘ullanayotgan sport turlari cheklanib qolgani qayd etildi. Shu bois Surxondaryo yoshlarini sportga jalb qilish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilandi. Bu maqsadlarga 30 milliard so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda. “Uchqizil” suv omborida baydarka va kanoeda eshkak eshish bazasi tashkil qilinadi.
Shu yerda mahalliy sanoat mahsulotlari namoyish etildi, investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Surxondaryo viloyatida umumiy qiymati 4 milliard 600 million dollarlik 82 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Buning 4 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyadir. Energetika, kimyo, tog‘-kon, qurilish materiallari, to‘qimachilik va boshqa sanoat tarmoqlaridagi bu loyihalarda qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar, o‘n minglab ish o‘rni yaratiladi.