Yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari va nazorat xaridida aniqlangan sifatsiz un mahsulotlari yuzasidan ko‘rilgan choralar
Raqobat qo‘mitasi tomonidan ichki iste’mol bozoridan sifatsiz, iste’molga yaroqsiz mahsulotlar sotilishining oldini olish yuzasidan muntazam o‘rganishlar olib boriilmoqda.
Hududlar kesimida o‘tkazilgan o‘rganishlar:
Toshkent shahri Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.K.dan kelib tushgan murojaat o‘rganib chiqilganda “QUDRATILLA BARAKA SAVDO” MCHJga qarashli dorixonadan xarid qilingan “Trombo ASS” dori vositasining yaroqlilik muddati o‘tgan ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq ish qo‘zg‘atdi. Natijada, yaroqlilik muddati o‘tgan tovar uchun iste’molchi tomonidan to‘langan pul mablag‘larini qaytarish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ygan mas’ul mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, huquqbuzarlik to‘g‘risidagi hujjatlar sudga yuborildi.
Namangan viloyati Hududiy boshqarma tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat xaridi tadbirida un mahsulotlarining sifati o‘rganildi.
Savdo shoxobchalaridan xarid qilingan un mahsulotlari namunalaridan biri “Chodak Asl Biznes” MCHJ tomonidan qadoqlangan “SANA 777” (50 kg) birinchi navli bug‘doy uni tarkibiga laboratoriya bergan tahlillari sanitariya-gigiyenik ko‘rsatkichlari bo‘yicha me’yor talabiga mos emasligi aniqlandi.
Natijada, Maxsus komissiya tomonidan yuqoridagi subyektga nisbatan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi Qonunining 6-20-moddalari talablarini buzgan deb topilib, belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi. Bug‘doy unini sotishdan olingan 28.5 mln so‘m mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.








