HUDUDLARDA OChIQ MULOQOTLAR DAVOM ETMOQDA
Qashqadaryo viloyatida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan keng jamoatchilik vakillari ishtirokida navbatdagi ochiq muloqot tashkil etildi.
Qo‘mita raisining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi O.Usmonov hududlar kesimida jamoatchilik vakillari bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlarning asosiy maqsadi va ahamiyati haqida atroflicha to‘xtalib, ma’lumotlar berib o‘tdi. Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi Ochiqlik siyosati ko‘rsatkichlari reytingida yuqori o‘rinni egallaganini alohida ta’kidlandi.
Hududiy boshqarma boshlig‘i S.Sadikov tomonidan 2025-yil yakunlari hamda 2026-yilning I-choragida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil hisobot taqdim etdi.
Hududdagi raqobat sohasidagi belgilangan vazifalar ijrosi va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish ko‘rsatkichlari jamoatchilik vakillari bilan birga muhokama qilindi.
Ochiq muloqot davomida ishtirokchilari tomonidan 10 ga yaqin murojaat va takliflar qabul qilindi.
Jumladan:
O.Boboqulovning ijtimoiy tarmoqlarda reklama faoliyatini amalga oshirayotgan blogerlar faoliyatini tartibga solish va qonunbuzilish holatlariga nisbatan tegishli choralar ko‘rish;
M.Karimovning Byudjet tashkiloti tomonidan tovar va mahsulotlar xarid qilinayotganda, ularning narxlarini o‘rganib chiqish tartibi va tadbirkorlar tomonidan tovar va xizmatlar elektron do‘kon savdosi orqali joylashtirilganda, ularni tegishli tartibda nazoratga olish va monitoring qilish;
A.Ismoilovaning mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish uchun maxsus portalga hududiy lokal korreksiya mexanizmlari kiritish hamda reklama sohasida qo‘llaniladigan choralarni takomillashtirish yuzasidan qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish kiritish;
B.Davronovning Byudjet tashkiloti tovar va xizmatlar xarid qilganda, ularning sifati talablarga muvofiqligini aniqlash uchun vakolatli organlar xulosasini olishi va kelgusida sifatsiz mahsulotlar xarid qilinishining oldini olish masalasidagi takliflari tinglandi va ularni ko‘rib chiqish yuzasidan tegishli mas’ul organlarga takliflar kiritilishi belgilandi.
Shu bilan birga, uchrashuv davomida “SOFT XIZMAT KO’RSATISH KOMPLEKS” MChJ qo‘shma korxonasi direktori “Hududgaz Qashqadaryo» gaz ta’minoti filiali tomonidan korxonaga tegishli 2 ta AGTKShga yoz oylarining tungi vaqtlarida hech qanday asosli sabablarsiz, o‘zboshimchalik bilan tabiiy gaz ta’minotidan uzib qo‘yilganligi, Qo‘mita aralashuvi natijasida masala ijobiy hal etilgani uchun hududiy boshqarmaga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Tadbir ishtirokchilar o‘rtasida savol-javoblar hamda qizg‘in muhokamalar ruhida bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida: Qo‘mitaning Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasiga 2025-yilda jami 5000 dan ortiq va 2026-yil I-choragi davomida 1400 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 700 mingdan ortiq iste’molchilarning huquq va manfaatlari himoya qilinib, ular foydasiga 10 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.








