Rasmiy_munosabat
Ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilingan “Qashqadaryoda 3 kunlik firma jami 2.601.000.000 so’mlik issiqxonalar o’rnatishni yutib oldi” sarlavhasi ostidagi maqola yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan etender.uzex.uz maxsus elektron portalidagi 12 ta lot bo’yicha 12 ta tumanda jami 289 ta 2601,0 mln. so’mlik yengil konstruksiyali issiqxonalar o’rnatish bo’yicha o’tkazilgan tanlov natijalari yuzasidan o’rganish ishlari olib borildi.
O’rganish natijasida buyurtmachi tomonidan savdolarning qonunchilikda belgilangan tartibini buzish va savdolarning bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish orqali qonun buzilishlariga yo’l qo’yilganlik alomatlari aniqlandi.
Xususan, “NXS CTROYBADMETALL” MCHJva “TURNOVERPRICE” MCHJ tomonidan kerakli xujjatlar (issiqxona qurish bo’yicha ish tajribasi, qurilishda ishlatiladigan materiallar ro’yxati) taqdim qilinmagan bo’lsada ularga asossiz yuqori ballar berilganligi ma’lum bo’ldi.
Bundan tashqari, buyurtmachi tomonidan o’tkazilgan tanlovlarda xarid komissiyasi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo’lmagan holda qonunchilikka zid ravishda qaror qabul qilingan.
Yuqoridagilarga asosan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2022 yil 10 noyabrda ish qo’zg’atilib, O’zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to’g’risida”gi va “Raqobat to’g’risida”gi Qonun talablari buzilgan deb topildi va tanlov savdolarining qarorlarini bekor qilish va qonunchilikda belgilangan tartibda qayta tanlov o’tkazish bo’yicha ko’rsatma berilgan edi. Bugungi kunda qarorlar bekor qilindi va qayta tanlov o’tkaziladi.
Shu bilan birgalikda, qonunbuzilish holatlariga yo’l qo’ygan mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari ko’rilayotganligi ma’lum qilinadi.