Ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilingan “Shahrisabz shahridagi viloyat teri-tanosil kasalliklari shifoxonasini joriy ta’mirlash tanlovidagi komissiya, bal berishda katta xatoliklarga yo’l qo’ydi” sarlavhali maqolasi yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Fuqaro M.N.Muzaffarov 2022-yil 6-oktabrda Qo‘mitaning Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasiga Qashqadaryo viloyat teri-tanosil kasalliklari shifoxonasi tomonidan Shahrisabz shahridagi teri tanosil kasalliklari shifoxonasini joriy ta’mirlash uchun 154726-sonli lot raqami bilan o‘tkazilgan tanlov noholis o‘tkazilganligi yuzasidan murojaat yo’llagan.
Mazkur holat yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan oʻrganish ishlari olib borilganda, Qashqadaryo viloyat teri-tanosil kasalliklari shifoxonasi tomonidan Davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali (etender.uzex.uz)ga 2022-yil 26-sentabr kuni qiymati 235 000 000 so‘mlik (lot raqami 154726) Shahrisabz shahridagi teri-tanosil kasalliklari shifoxonasini joriy ta’mirlash ishlari uchun e’lon berilgan hamda 2022-yilning 4-oktabrida ushbu lot bo‘yicha tanlov savdolari bo‘lib o‘tgan.
Shahrisabz shahridagi teri-tanosil kasalliklari shifoxonasini joriy ta’mirlash ishlari uchun o‘tkazilgan tanlash savdosida ishtirok etish uchun 3 nafar talabgor – “Nasaf qurilish montaj servis” MChJ, “Brend stroy ta’mirlash” MChJ va “Adizbek nur baraka” MChJlari taklif taqdim etgan va tanlovning texnik qismi 5 ta mezonga asoslanib baholangan.
Ushbu texnik qism bo‘yicha baholash natijalari o‘rganilganda buyurtmachi tomonidan ishtirokchilarning texnik takliflari asoslantirilmagan holda noxolis baholanganligi, natijada, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi hamda O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunlarining talablari buzilganligi aniqlangan.
Yuqoridagi aniqlangan qonunbuzilishlarga asosan Qashqadaryo viloyat teri-tanosil kasalliklari shifoxonasiga nisbatan Hududiy boshqarma tomonidan ish qo’zg‘atilib, Qashqadaryo viloyat teri-tanosil kasalliklari shifoxonasi mas’ullari, tanlov ishtirokchilari va “Nasafnews.uz” axborot portali (OAV) xodimlari ishtirokida ko‘rib chiqildi.
Natijada, Hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi qaroriga asosan Qashqadaryo viloyat teri-tanosil kasalliklari shifoxonasiga qonun buzilishini bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik va 154726-raqamli lot bo‘yicha Shahrisabz shahridagi teri-tanosil kasalliklari shifoxonasini joriy ta’mirlash ishlari uchun rasmiylashtirilgan 2022-yil 4-oktabrdagi tanlov bayonini bekor qilish va qayta tanlov o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.