“Facebook” ijtimoiy tarmog‘i orqali “Bizga kadastr kerak” mazmunidagi “STORY LUX BUSSINES” MCHJ qurilish kompaniyasi tomonidan yolg‘on va’dalar berilib, Baku va O‘sh ko‘chalari kesishmasida qad ko‘targan “Baku residense” ko‘p qavatli uy o‘z vaqtida o‘z egalariga topshirilmayotganligi, tegishli tashkilotlarga murojaatlari o‘z samarasini bermayotganligi to‘g‘risida bayon qilingan murojaatlari o‘rganib chiqildi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan “STORY LUX BUSSINES” MCHJni jalb etgan holda o‘tkazilgan o‘rganishda jamiyatning 07.05.2024 yildagi 07/05-01-son xati taqdim etildi. Mazkur kaoflat xatida haqiqatan ham jamiyat tomonidan Toshkent shahri, Yashnobod tumanidagi Baku va O‘sh ko‘chalari kesishmasida qurilayotgan ko‘p qavatli turar-joy majmuasining qurilishi yakuniga yetganligi, biroq, hozirda kadastr hujjatlarini ulushdorlarga notarial rasmiylashtirib berish ishlari amalga oshirish uchun kadastr hujjatlari tayyor emasligi bildirilgan.
Shuningdek, ushbu uyni elektr montaj ishlarini bajarish uchun avval jalb etilgan korxona tomonidan o‘z vaqtida montaj ishlari olib borilmaganligi va natijada uy-joylarga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda kechikish vujudga kelganligi aniqlandi.
Shu bilan birga, mazkur kafolat xatida iste’molchilarga xonadon kalitlari topshirilib, Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan shartnoma tuzilib, elektr energiyasi o‘tkazib berilganligi, xonadonlarda yashash uchun barcha sharoitlar mavjudligi ya’ni, tabiiy gaz, elektr, ichimlik suvi bilan ta’minlanganligi va kanalizatsiya ishlari to‘liq ravishda bitkazilganligi va kadastr hujjatlari chiqqunga qadar barcha kommunal to‘lovlar “STORY LUX BUSSINES” MCHJ tomonidan to‘lab berilayotganligi, hozirda obyekt Davlat qabul komissiyasiga topshirilganligi va ulushdorlar bilan avvalgi tuzilgan shartnomalarga qo‘shimcha ravishda kelishuv shartnomalari tuzgan holda 01.06.2024 yilga qadar notarial rasmiylashtirib berilishini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari tushuntirilganida “STORY LUX BUSSINES” MCHJ tomonidan 01.06.2024 yilga qadar kadastr hujjatlarini rasmiylashtirilib berilishini haqida 07.05.2024 yildagi 07/05-02-sonli kafolat xati taqdim etgani ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining:
6-moddasiga muvofiq, Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart.
19-moddasiga muvofiq, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart.