Ijtimoiy tarmoqlar orqali Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan iste’molchilarga asossiz qarzdorliklar hisoblanganligi, “Veolia Energy Tashkent” MChJ va “Toshissiqquvvati” DUKlar yuqoridagi holatlar bo‘yicha sansalorlikka solayotganligi yuzasidan bildirilgan ma’lumotlar bo‘yicha Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-sentabrdagi 594-son qaroriga asosan “Toshkent shahri issiqlik ta’minoti tizimini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida modernizasiya qilish va boshqaruvga berish” loyihasi doirasida “Veolia Energy Tashkent” maxsus loyiha kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim tuzilgan.
Mazkur davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga ko‘ra davlat sherigi sifatida Toshkent shahar hokimligi belgilangan va ushbu qarorga asosan hokimlikka bir qator bajarilishi majburiy bo‘lgan vazifalar belgilangan. Xususan,
– “Toshissiqquvvati” DUKning issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, iste’molchilarga yetkazib berish, shu jumladan, issiqlik tizimini ekspluatatsiya qilish, iste’molchilar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish va to‘lovlarni undirish bo‘yicha vazifa va funksiyalarini Maxsus loyiha kompaniyasiga o‘tkazish, shuningdek, Bitim amal qilishi davrida Maxsus loyiha kompaniyasining mustaqil ravishda faoliyat yuritilishini ta’minlash;
– hokimlik huzurida Loyiha uchun yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “Markazlashtirilgan issiqlik tizimi infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi” tashkil qilinishi;
– “Veolia Energy Tashkent” maxsus loyiha kompaniyasi tomonidan iste’molchilarga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi va issiq suv uchun to‘lovlarning bir qismi Jamg‘armaga yo‘naltirilishi;
– Jamg‘armaning mablag‘lari “Toshissiqquvvati” DUKning kreditor qarzdorliklarini qoplash uchun yo‘naltirilishi;
– Jamg‘arma mablag‘laridan samarali foydalanishga mas’ul etib Toshkent shahar hokimi belgilanishi;
– Toshkent shahar hokimligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda “Toshissiqquvvati” DUKning debitorlik qarzlari undirilishi va kreditorlik qarzlari qaytarilishini ta’minlash belgilangan.
Biroq, Toshkent shahar hokimligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasi qarorining ijrosini ta’minlash chorasini ko‘rmaganligi oqibatida “Toshissiqquvvati” DUK va “Veolia Energy Tashkent” o‘rtasida o‘zaro hisob-kitob amalga oshirilmagan.
“Toshissiqquvvati” DUK tomonidan qaror talabiga amal qilmagan holda iste’molchilar tomonidan muddatida to‘lanmagan debitorlik qarzdorliklarini undirish hamda ortiqcha to‘langan to‘lovlarni qayta-hisob kitob qilish choralarini ko‘rilayotganligi, issiq suv va issiqlik ta’minoti xizmatlari to‘lovlari bo‘yicha “Toshissiqquvvati” DUK billing tizimini davom ettirayotganligi, ayrim iste’molchilardan 2022-yil 4-choragida ham to‘lovlar qabul qilinganligi natijasida “Veolia Energy Tashkent” to‘lov tizimida ushbu to‘lovlar aks etmaganligi, qarzdorliklar noto‘g‘ri ko‘rsatilganligi oqibatida aholining haqli e’tirozlari va noroziliklari soni ortib ketgan.
O‘z navbatida, Qo‘mita tomonidan, yuqoridagi holatlar yuzasidan Toshkent shahar xokimligiga, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga, “Toshissiqquvvati” DUKga Vazirlar Mahkamasining 594-son qarori talablarini bajarish choralarini ko‘rish yuzasidan 2023-yil 27-aprel kuni 2052/02-26-sonli ko‘rsatma xati yuborilgan.
Shu bilan birga, Qo‘mita tomonidan “Veolia Energy Tashkent”ga “Toshissiqquvvati” DUK bilan birgalikda iste’molchilarning hisob raqamlari (abonent raqamlari) kesimida aniq va tushunarli ma’lumotlar bazasini qayta ko‘rib chiqish va shakllantirish bo‘yicha choralar ko‘rish yuzasidan ogohlantirilgan.
Qo‘mita ogohlantirishiga javoban, “Veolia Energy Tashkent” MChJ 2023-yil 18-maydagi 16-07/1495-sonli xati orqali “Toshissiqquvvati” DUK tomonidan taqdim qilingan, iste’molchilar bilan hisob-kitoblari bo‘yicha ma’lumotlar, 2023-yil fevral, mart va aprel oylari mobaynida iste’molchilar tomonidan amalga oshirilgan to‘lovlar ko‘rsatkichlarini iste’molchilarning shaxsiy hisob raqami ma’lumotlar bazasiga kiritish choralari ko‘rilayotganligi va ushbu ishlarni 2023-yilning 20-may kuniga qadar yakunlanishini ma’lum qilgan bo‘lib, hozirda har bir iste’molchilar bo‘yicha qarzdorlik to‘liq qayta ko‘rib chiqilmoqda.
O‘z navbatida, Qo‘mita har bir iste’molchilarni issiqlik ta’minoti korxonasi bilan asossiz qarzdorlik hisoblanganligi bo‘yicha huquqlarini himoya qilinishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, iste’molchilarning yakka tartibdagi murojaatlarini ko‘rib chiqayotganligi va iste’molchilar muammolar vujudga kelganda Qo‘mitaning 1159 qisqa raqamlariga murojaat qilishlari mumkinligini, asossiz qarzdorliklarni qayta-hisob kitob qilish ishlari nazoratga olinganligini ma’lum qiladi.
Shu o‘rinda, Toshkent shahar hokimligi va Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 594-sonli qarorida belgilangan vazifalarni bajarilishini nazoratga olishlari hamda qaror ijrosi yuzasidan mas’ullarga tegishli choralar ko‘rilishi lozim deb hisoblaymiz.
(Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 12-yanvardagi Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida 12-son qarorining 7-bandiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasiga ijro intizomining buzilishi hollarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va ular yuzasidan qonunda nazarda tutilgan choralar ko‘rish, Prezident farmonlarini, respublika Hukumati qarorlari va topshiriqlarini bajarishga rasmiyatchilik bilan yondashishga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarni jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qattiq shaxsiy javobgarlikka tortish vazifasi yuklatilgan).