O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda “1 tiyin kamroq taklif qilib yutib ketish sirlari” deb nomlangan maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
“Universal mobile systems” (Mobiuz) MChJ tomonidan 2023 yil 11 may kuni etender.uzex.uz sayti orqali Namangan shahri uchun Mobil radio tizimi tarmog‘i obyektlarida namunaviy loyihalar bo‘yicha metall konstruksiyalarni tayyorlash, qurilish-montaj ishlari va faol bo‘lmagan infratuzilma obyektlarini demontaj qilish ishlarini bajarish uchun eng yaxshi takliflarni tanlash xaridi amalga oshirilgan.
Tanlovda texnik va narx qismning miqdoriy ko‘rsatkichi 100 ball etib belgilangan, bunda tanlov g‘olibini aniqlashda faqatgina ishtirokchilarning malaka va texnik takliflari baholash asosida aniqladi.
Mobiuz tomonidan tanlov o‘tkazishda texnik qismning miqdoriy ko‘rsatkichini 100 ball etib belgilashi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 maydagi 276-sonli qarorining 67-bandiga (Tanlash taklifining texnik va narx qismi bo‘yicha davlat buyurtmachisining tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun taklifning har bir qismini baholash ahamiyatiga qarab nisbiy qiymati belgilanadi) asosan amalga oshirilgan.
Yuqoridagilarga asosan, Mobiuz tomonidan “Namangan shahri uchun Mobil radio tizimi tarmog‘i obyektlarida namunaviy loyihalar bo‘yicha metall konstruksiyalarni tayyorlash, qurilish-montaj ishlari va faol bo‘lmagan infratuzilma obyektlarini demontaj qilish ishlarini bajarish” loyihasini amalga oshirishda raqobatga zid harakatlar alomatlari aniqlanmagan.