RAQOBAT QO‘MITASI USTUN MAVQEGA EGA KORXONALARNI NARXLARNI ASOSSIZ OSHIRMASLIKKA CHAQIRADI
Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan ustun mavqega ega korxonalar faoliyati, xususan, ular tomonidan qo‘llanilayotgan narxlar doimiy nazorat va monitoring qilib borilmoqda.
2026-yil 1-iyundan boshlab yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari 10 foizga oshirilishi ayrim mahsulot va xizmatlar tannarxiga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatishi tabiiy. Biroq, bu holat monopol va tabiiy monopol mahsulotlar va xizmatlar narxlarini iqtisodiy jihatdan asoslanmagan tarzda oshirish uchun sabab bo‘la olmaydi.
Qo‘mita tomonidan monopol va tabiiy monopol mahsulotlar tannarxidagi yoqilg‘i-energetika resurslarining ulushi va ularning oshishi mahsulot narxiga ta’siri oldindan prognoz qilingan bo‘lib, muqaddam mahsulot va ish xizmatlar narxlarini haqiqiy xarajatlarga nisbatan yuqori darajada shakllantirgan ustun mavqega ega korxonalarga nisbatan tegishli ta’sir choralari qo‘llanilgan.
‼️ Shu munosabat bilan, Raqobat qo‘mitasi monopol va tabiiy monopol korxonalarni narxlarni belgilashda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishga chaqirib, har qanday asossiz narx oshirish holatlariga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishini ma’lum qiladi.
Eslatib o‘tamiz, monopol mahsulotlar va xizmatlar narxlari iqtisodiy asoslantirilmasdan oshirish holatlari aniqlangan taqdirda, qonunchilikda belgilangan moliyaviy jarimalar va boshqa ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkin.
📌 Raqobat qo‘mitasi tomonidan bozorda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish borasidagi nazorat tadbirlarini izchil davom ettirilayotganligi ma’lum qilamiz.








