Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga “FERRERO S.p.A” va “Soremartec S.A” kompaniyalari murojaat qilib, ushbu kompaniyalarga tegishli tovar belgilariga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan “SLADUCE PRODUCE” MCHJ tomonidan bir necha nomdagi qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilib, realizatsiya qilinayotganligi va ushbu holat bo‘yicha belgilangan tartibda tegishli chora ko‘rilishini so‘ragan.
Ushbu arizani Qo‘mita tomonidan har tomonlama o‘rganib chiqish maqsadida Qo‘mitaning tegishli xatlari bilan “SLADUCE PRODUCE” MCHJ, “FERRERO S.p.A” va “Soremartec S.A” o‘rganish so‘rovlari yuborilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasidan ham bu bo‘yicha xulosa olingan.
Yuqoridagilarga asosan, aniqlangan holatlar va taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan “SLADUCE PRODUCE” MCHJga nisbatan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilgan va Maxsus komissiya qarori bilan jamiyat tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining tegishli moddalari talablari buzilgan deb topilgan hamda qonun buzilish holatini bartaraf etish etish va kelgusida bunday qonun buzilish holatiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ko‘rsatma berilgan.
“SLADUCE PRODUCE” MCHJ ushbu qaror va ko‘rsatmadan norozi bo‘lib, Qo‘mitaning Apellatsiya kengashiga shikoyat qilgan.
Appelatsiya kengashining qarori bilan ushbu shikoyat asosiz deb topilib qanoatlantirish rad etilgan.
“SLADUS PRODUCE” MCHJ Qo‘mitaning qabul qilingan qaror va ko‘rsatmasi hamda Apellatsiya kengashining qaroridan norozi bo‘lib, uni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilgan.
Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining 2023-yil 14-aprelda qabul qilingan qarori bilan, “SLADUS PRODUCE” MCHJning arizasi qanoatlantirilib, Qo‘mitaning ish bo‘yicha chiqarilgan qarori hamda Qo‘mita Appelatsiya kengashining qarori haqiqiy emas deb topilgan va Qo‘mita zimmasiga “FERRERO S.p.A” va “Soramartec S.A” kompaniyalarining murojaatini qayta ko‘rib chiqish majburiyati yuklatilgan.
Qo‘mita Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib Toshkent shahar ma’muriy sudiga apellatsiya shikoyatini kiritgan.
Toshkent shahar ma’muriy sudi apellatsiya instansiyasining qarori bilan apellatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Shundan so‘ng, Qo‘mita mazkur qarorlardan norozi bo‘lib, Oliy sudga kassatsiya shikoyati kiritgan.
Mazkur ish Oliy sud tomonidan Toshkent shahar ma’muriy sudi taftish instansiyasiga yuborilib, Toshkent shahar ma’muriy sudi taftish instansiyasi 2024-yil 22-fevraldagi qarori bilan hal qiluv qarori va apellatsiya instansiyasining qarori bekor qilingan va ish bo‘yicha yangi qaror qabul qilinib, da’voni qanoatlantirish rad etilgan.
Yuqooridagi sud jaroyonidan shuni xulosa qilmoqchimizki, albatta har bir narsaning zamirida bir kun kelib adolat tiklandi va halol raqobat ta’minlanadi.