Raqobatni himoya qilishning zamonaviy huquqiy asosi
Respublikamizda “Raqobat to‘g‘risida” gi Qonunning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv seminarlari bo‘lib o‘tmoqda.
Navoiy viloyati
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Raqobatni himoya qilishning zamonaviy huquqiy asosi” mavzuida o‘tkazilgan o‘quv seminarda Raqobat qo‘mitasi mas’ul xodimlari, viloyatda faoliyat yuritayotgan davlat organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuniga kiritilgan o‘zgartirishlar, davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etishning afzalliklari, ushbu tizimda joriy etilgan tartib va qoidalar, qonunchilikda mazkur qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikning kuchaytirilayotganligi, monopoliyaga qarshi organga berilayotgan qo‘shimcha vakolatlar, korxonalar tomonidan raqobatni cheklaydigan hujjatlar qabul qilinishini hamda harakatlar amalga oshirilishini (harakatsizlikni) taqiqlash, birja, tender va tanlov savdolarida raqobatni cheklashga qarshi talablar yuzasidan ma’lumotlar berildi.
Qashqadaryo viloyati
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan “Yangi raqobat qonunchiligi – raqobatni himoya qilishning zamonaviy huquqiy asosi” mavzuidagi o‘quv-seminarda, Raqobat qo‘mitasi mas’ul xodimlari, mahalliy ijroiya hokimiyati va boshqa davlat organlarining hududiy bo‘linmalari, shuningdek, tegishli hududda joylashgan tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlari ishtirok etdi.
O‘quv-seminar davomida O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-son Farmoni hamda boshqa qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyati va ahamiyati bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Jumladan, Qonunda raqobat sohasidagi davlat siyosatining, ya’ni, raqobatni himoya qilish, raqobatga qarshi harakatlarning oldini olish va to‘xtatish, respublika hududida iqtisodiy faoliyat erkinligi va tovarlarning erkin harakatlanishini ta’minlash, tovar va moliya bozorlarining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun sharoitlar yaratish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangani haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
SURXONDARYO VILOYATI
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Termiz davlat universitetida “Yangi raqobat qonunchiligi – raqobatni himoya qilishning zamonaviy huquqiy asosi” mavzuida o‘quv seminari tashkillashtirildi.
Seminarda yig‘ilish ishtirokchilari Raqobat qo‘mitasi mas’ul xodimlari tomonidan raqamli platforma, davlat ishtirokidagi korxona, davlat ishtirokidagi korxonalarning affillangan shaxslari, monopoliyaga qarshi komplayens instituti, moliyaviy jarimalar va javobgarlikdan ozod qilish shartlari, davlatning tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etishiga nisbatan qo‘yiladigan talablar haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
O‘tgan seminarlarda ishtirokchilar soha mutaxassislaridan davlat xaridlarini o‘tkazishda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun hujjatlariga rioya etilishi hamda davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javoblar olishdi.