Joriy yilning oktyabr oyida Germaniyaning Sparkassen Stiftung tashkiloti ko‘magida Qo‘mita raisi o‘rinbosari Farrux Karabayev Bryussel shahrida (Belgiya) Yevropa Komissiyasining Raqobat bo‘yicha Bosh direktoratiga (YEvropa Ittifoqining asosiy monopoliyaga qarshi organi) tashrifni amalga oshirdi va
Monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish va raqamli platformalarni nazorat qilish bo‘yicha Bosh direktor o‘rinbosari Linsi Makkallum xonim va Raqobat siyosati va strategiya boshqarmasi boshlig‘i Inge Bernayerts xonim bilan amaliy uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda Raqobat qo‘mitasining Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan O‘zbekistonda raqobatni yana-da rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va barcha bozor ishtirokchilarga teng sharoitlar yaratish, ilg‘or xalqaro amaliyotlarga to‘liq uyg‘unlashtirilgan raqobat siyosatining huquqiy bazasini yana-da takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarning natijalari haqida ma’lumot berildi.
Yevropa Komissiyasi vakillari tomonidan global raqamli platformalarni tartibga solish, kartellarni tergov qilish, davlat yordami va iqtisodiy konsentratsiya bitimlarini nazorat qilishdagi yondashuv va amaliyotlar bo‘yicha ma’lumot berdilar.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqining raqobat qonunchiligi va siyosati amaliyotlari mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro seminarda ishtirok etildi, College of Europe universitetining Global raqobat bo‘yicha huquq markazi prezidenti, doktor Bernd Meyring, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha (EuroUz) assotsiatsiyasining Intellektual mulk va raqobat masalalari qo‘mitasi a’zolari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlar natijalariga ko‘ra quyidagi kelishuvlarga erishildi:
Qo‘mita mutaxassislarning Yevropa Komissiyasining Raqobat Bosh Direktoratida 3 oylik amaliyot o‘tashini tashkil etish;
Qo‘mita bilan Raqobat Bosh Direktorati o‘rtasida global raqamli platformalarni monopoliyaga qarshi tartibga solish bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuv mexanizmi ishga tushirish.
Shuningdek, EuroUz Assotsiatsiyasi va Qo‘mita o‘rtasida Anglashuv Memorandumi imzolandi. Ushbu Memorandumga muvofiq Assotsiatsiya Qo‘mitaga Yevropa komissiyasi bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga ko‘mak beradi, Yevropa Ittifoqining tadbirkorlik subyektlari O‘zbekistonda o‘z faoliyatlarini amalga oshirishidagi baryerlarni bartaraf etishga hamda O‘zbekistonga Yevropa investitsiyalari oqimini oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha doimiy maslahat mexanizmi joriy etiladi.