So‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan xotin-qizlarning faolligini oshirish, jamiyatda o‘rnini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda respublikamiz siyosiy partiyalaridagi xotin-qizlarning ulushi 47 foizga, oliy ta’limda 48 foizga, tadbirkorlik faoliyatida esa 37 foizga yetgan. Rahbarlik lavozimlarda ishlayotgan ayollar ulushi 33 foizni tashkil etadi. 2 mingga yaqin davlat va jamoat tashkilotlariga ayollar rahbarlik qilmoqda. Bu raqamlar davlat rivojida, ijtimoiy-siyosiy hayotda xotin-qizlarning roli va mavqei ortib borayotganidan dalolat beradi.
Ayol kishi rahbar bo‘lgach uning tashqi qiyofasi ham, o‘zini tutishi ham o‘zgaradi. Chunki endi u jamiyat orasida oddiy ayol emas, balki rahbar ayol sifatida gavdalanadi. Tashqi ko‘rinish, imij borasida jiddiy va to‘g‘ri tanlov qabul qilishimiz, o‘z navbatida, rahbar ayollarning faoliyatida muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun, atrofdagilarga har jihatdan o‘rnak bo‘lish uchun imij ustida alohida ishlash kerak.
Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetining “Iqtisodiyot” fakulteti “Iqtisodiy xavfsizlik” kafedrasi talaba qizlari bilan “Rahbar ayol imijini yaratish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Raqobat qo‘mitasi rais maslahatchisi Go‘zal Qodirova va universitet professor-o‘qituvchilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bo‘lajak lider va rahbar ayollarga bu boradagi muhim taklif va tavsiyalar berildi.