O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ashxobod shahrida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuvda davlat rahbarlari qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalariga asoslangan O‘zbekiston-Turkmaniston chuqurlashgan strategik sheriklik munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Amaliy hamkorlik barcha yo‘nalishlarda kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oliy darajadagi kelishuvlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Hukumatlar, vazirlik va idoralar o‘rtasidagi aloqalar tizimli tus olgan.
O‘zaro savdo hajmi oshib bormoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida manfaatli hamkorlik kengaymoqda. “Shovot-Toshovuz” qo‘shma savdo zonasini tez fursatda ishga tushirish zarurligi qayd etildi.
Birgalikdagi kooperatsiya loyihalarini yanada ilgari surish, hududlar o‘rtasidagi almashinuvlar va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.