Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Tojikiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Emomali Sharipovich Rahmonga iliq qabul hamda uchrashuvimizni yuksak darajada tashkil etgani uchun bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.
Barcha hamkasblarimni Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan chin dildan tabriklayman.
O‘tgan davrda Jamg‘arma ekologik tahdidlarga qarshi kurash masalalarida umumiy manfaatlarimizni ilgari surish uchun muhim maydon sifatida g‘oyat zarurligini ko‘rsatdi.
Ana shu vaqt mobaynida Orol dengizi havzasi bo‘yicha kelishilgan yondashuvlar ishlab chiqildi, qo‘shma qaror va dasturlar qabul qilindi va amalga oshirildi.
Tojikistonning Tashkilotimizga raisligi davridagi samarali natijalarni alohida ta’kidlashni istardim. Xususan, Jamg‘arma doirasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta ishlar bajarildi. Xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari bilan aloqalar kengaydi.
Shu yil mart oyida hurmatli Emomali Sharipovichning hamraisligida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida tashkil etilgan Global suv konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tganini ham alohida qayd etmoqchiman.
Ushbu tarixiy tadbir yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoning suv sohasidagi hayotiy muhim masalalari va muammolariga butun xalqaro hamjamiyat e’tiborini jalb etishga erishildi.
Hurmatli hamkasblar!
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi – bu, avvalo, Markaziy Osiyo mamlakatlarining global miqyosdagi eng o‘tkir muammolardan birini yechish bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlik borasidagi noyob tajribasidir.
Shuni alohida qayd etmoqchimanki, Jamg‘arma suv va ekologiya sohasida mintaqaviy hamkorlikning eng muhim platformasiga aylandi.
Suv xo‘jaligi bo‘yicha Davlatlararo komissiya hamda “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzasi tashkilotlari suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanishni tartibga solish masalalari yuzasidan kelishish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.
Ilmiy-axborot markazi barcha xalqaro sheriklar uchun ochiq bo‘lgan, keng ko‘lamli ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan salmoqli tahliliy bazani shakllantirdi.
Davlatlararo komissiyaning barqaror rivojlanish bo‘yicha faoliyati atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, Jamg‘arma bir qator mintaqaviy dasturlar va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirmoqda, xalqaro institutlar va donor tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda.
Tuzilmamizning o‘rni va ahamiyati global iqlim o‘zgarishlari oqibatida vujudga kelayotgan yangi xavf va tahdidlar sharoitida yanada ortib bormoqda.
Muzliklarning erishi, tabiiy ofatlar, shuningdek, shiddatli demografik o‘sish, urbanizatsiya jarayonlari va sanoatlashuv natijasida yuzaga kelayotgan texnogen omillar tufayli mintaqada suv va ekologiya bilan bog‘liq vaziyat yomonlashib borayotgani va uning oqibatlari alohida xavotir uyg‘otmoqda.
Hamkasblarim yaxshi biladi, Markaziy Osiyoda suv taqchilligi muammosi o‘tkir va muqarrar tus oldi hamda bundan buyon u tobora chuqurlashib boraveradi.
Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyoning ayrim mintaqalarida 2040 yilga borib suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj uch barobar oshadi. Vaqt o‘tishi bilan iqtisodiy zarar yalpi mintaqaviy mahsulotning 11 foiziga yetishi mumkin.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, hozirning o‘zidayoq mintaqa davlatlari suv resurslari taqchilligi va undan samarasiz foydalanish oqibatida yiliga 2 milliard dollargacha mablag‘ yo‘qotmoqda.
Bularning barchasi Jamg‘arma doirasida uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan kelishilgan yangi qarorlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni talab etmoqda.
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
Bugun bizning oldimizda ko‘p tomonlama sheriklik samaradorligini huquqiy va institutsional jihatdan ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar turibdi.
Shu munosabat bilan sammitning kun tartibiga mos holda quyidagi takliflarimizni bildirishni istardim.
Birinchi. O‘zbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish va institutsional mexanizmlarini modernizatsiya qilish tarafdoridir.
Xususan, biz asosiy hujjatlar va bitimlarni xatlovdan o‘tkazish, jumladan, 1990 yillarda qabul qilingan Jamg‘arma nizomini qayta ko‘rib chiqish, amaldagi tuzilma faoliyatini birgalikda tahlil qilish va Jamg‘arma tarkibidagi tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish va samarasini oshirish borasida takliflar tayyorlash, uning faoliyati va hamkorlik masalalarini aniq tartibga soluvchi “Qoida va tartib-taomillar”ni ishlab chiqishni taklif etamiz.
Jamg‘armani rivojlantirish va isloh etish jarayonlarini tarmoqlararo tamoyil asosida, ya’ni zamonaviy ekologik tahdidlarni hisobga olgan holda, “suv – energetika – oziq-ovqat” tartibidagi kompleks yondashuvlar negizida amalga oshirish muhimdir.
Bundan tashqari, Tuzilmaning asosiy hujjatlarida transchegaraviy daryolar suv resurslarini boshqarish va foydalanish sohasida umume’tirof etilgan me’yorlar, prinsiplar va o‘zaro majburiyatlar o‘z ifodasini topishi lozim.
Biz shuningdek, Jamg‘armaning amaldagi tuzilmalari samarasini kadrlar va texnik salohiyatni kuchaytirish, kompetensiyani kengaytirish hisobidan tubdan oshirish tarafdorimiz.
Ikkinchi. Bugungi uchrashuvimiz arafasida biz Jamg‘arma doirasidagi loyihalar bo‘yicha o‘tgan 30 yil davomida olib borilgan faoliyat natijalarini tahlil qildik.
Asosiy dasturiy hujjatlarimizdagi qoidalarda va loyihalarni bajarish borasidagi aniq oldinga siljishni ko‘rsatadigan natijalarimizda farqlar borligi o‘z-o‘zidan ravshan, albatta.
Orol dengizi havzasi mamlakatlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha to‘rtinchi dasturning ijrosi bilan bog‘liq holat ham bizning barcha mamlakatlarimizni tashvishga solishi kerak, deb o‘ylayman.
Bu boradagi ishlar asosan milliy rejalar yo‘nalishida amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan Jamg‘arma boshqaruviga amaldagi Dasturni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish topshirig‘ini berishni taklif etaman. Bunda har bir mintaqaviy loyihaning hajmini va moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda, “yo‘l xaritalari”ni, shuningdek, ularning ijrosi bo‘yicha kelishilgan jadvalni tayyorlashni nazarda tutish lozim.
Uchinchi. Ustuvor mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun investitsiya, texnologiya va texnik ko‘makni jalb etish masalalari bo‘yicha tizimli hamkorlikni kuchaytirish zarur.
Shu munosabat bilan ba’zi takliflarni ilgari surmoqchiman.
Birinchidan, mamlakatlarimizning har biri aniq maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilagan holda, mintaqaviy loyihalarga chetdan ko‘makni jalb etish bo‘yicha o‘ziga majburiyat olishi lozim.
Raislik qiluvchi tomonning muvofiqlashtirishi asosida investitsiyalarni va texnik ko‘makni jalb qilish va taqsimlash mexanizmlarini ishlab chiqish zarur.
Ikkinchidan, xorijiy sheriklar, yetakchi xalqaro institutlar va donor tashkilotlarni jalb etgan holda, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish maqsadida maxsus mintaqaviy konferensiya o‘tkazishni taklif etamiz.
To‘rtinchi. Jamg‘armaning ishchi organlariga xalqaro konsultantlar ishtirokida Amudaryo va Sirdaryo havzalarini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatga mo‘ljallangan rejalar ishlab chiqish topshirig‘ini bersak, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Ushbu daryolar havzalarida vaziyatning rivojlanishi bo‘yicha turli ssenariylarni modellashtirishni nazarda tutish muhimdir.
Bunday strategik hujjatlarning qabul qilinishi mintaqamizda suv-energetika resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish siyosatini muvofiqlashtirishga imkon beradi, deb ishonaman.
Beshinchi. Suv va boshqa tabiiy resurslardan tejab-tergab foydalanish madaniyatini shakllantirish, maxsus dasturni qabul qilgan holda, yoshlar tashabbuslari va startaplarini qo‘llab-quvvatlash masalalarida yoshlar bilan ishlashni mintaqaviy darajada tashkil etishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Ushbu masalalarni ko‘rib chiqishda Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz faol jalb etilishiga aminmiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Ekotizimlar tanazzuli yanada kuchayishining oldini olishda, eng avvalo, Orol dengizi hududidagi hamkorlik masalalariga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda Orolbo‘yidagi ekologik va ijtimoiy vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etmoqchiman.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasi asosida barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, aholi bandligini ta’minlash va turmush darajasini oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasi va Chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilmoqda.
So‘nggi bir necha yil davomida Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar o‘rmonzorlar yaratildi. Yaqin ikki yilda yana 400 ming gektar yashil hududlar barpo etish rejalashtirilmoqda.
Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, shuningdek, Orolbo‘yida bioxilma-xillikni saqlash uchun 3,5 million gektardan ortiq maydonda tabiat parklari, qo‘riqxonalar va davlat himoya hududlari yaratildi.
Bugungi kunda Orolbo‘yi mintaqasida qo‘riqlanadigan hududlarning umumiy maydoni 4,6 million gektarni tashkil qilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha katta miqyosdagi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Oxirgi 7 yil mobaynida mamlakatimizda sug‘oriladigan yerlarning to‘rtdan bir qismini tashkil etadigan 1 million gektardan ortiq maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida biz suvni tejash bo‘yicha milliy dasturni ishlab chiqish niyatidamiz.
Biz suvni tejash sohasini Jamg‘arma faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab, bu borada hamkorligimizni kuchaytirishimiz mumkin.
Kelgusi yili Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Xalqaro iqlim forumi doirasida jahonning yetakchi kompaniyalarining suvni tejash borasidagi texnologiyalari ko‘rgazmasini tashkil etmoqchimiz.
Ana shu masalalarning barchasini kompleks ko‘rib chiqish maqsadida mamlakatlarimiz suv resurslari, energetika, ekologiya va iqtisodiyot vazirlarining doimiy uchrashuvlari bo‘yicha Mintaqaviy platformani ta’sis etishni taklif qilamiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
“Qo‘shtepa” kanali qurilishi bo‘yicha ham o‘z fikrimni bildirib o‘tmoqchiman.
Mohiyat-e’tiboriga ko‘ra, mintaqamizda suvdan foydalanish jarayonida bizning mamlakatlarimiz bilan hech qanday majburiyat asosida bog‘lanmagan yangi ishtirokchi paydo bo‘ldi.
Afg‘on tomoni kanalni qurish bo‘yicha faol ish olib borayotganini yaxshi bilasiz.
Uning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin.
“Qo‘shtepa” kanalining qurilishi va uning Amudaryo suvidan foydalanish tartibiga ta’siri bilan bog‘liq barcha jihatlarni mamlakatlarimizdagi tadqiqot institutlarini jalb etgan holda o‘rganish bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruhini shakllantirish zarur, deb hisoblaymiz.
Afg‘oniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.
Hurmatli hamkasblar!
So‘zimning yakunida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich To‘qayevni Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi raisligini qabul qilayotgani munosabati bilan tabriklayman.
Ishonchim komilki, bugungi sammitimizda ilgari surilayotgan tashabbuslar va qabul qilinayotgan hujjatlarning amalga oshirilishi Jamg‘arma doirasida xalqlarimiz farovonligi va butun Markaziy Osiyo mintaqasining gullab-yashnashi yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
E’tiboringiz uchun rahmat.