O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-may kuni Xiva shahrida bo‘lib o‘tadigan Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar turizm vazirlari yig‘ilishida ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) bosh direktori Salim al-Malikni qabul qildi.
Ilm-fan, madaniyat, ta’lim va turizm sohalarida ushbu nufuzli mintaqaviy tuzilma bilan konstruktiv muloqot va samarali hamkorlikni rivojlantirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
ICESCO bosh direktori samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik izhor etib, mamlakatimizda boy ilmiy va madaniy merosni asrab-avaylash, har tomonlama o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan siyosat natijalarini yuqori baholadi.
O‘zbekiston Prezidenti tashkilot bilan o‘zaro manfaatli va jadal hamkorlikning bugungi darajasini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi.
2007-yilda Toshkent shahri Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilingan, 2020-yilda Buxoro shahri, 2025-yil uchun esa Samarqand shahri ushbu maqomga ega bo‘ldi.
Joriy yilda Xiva Islom dunyosining turizm poytaxti hisoblanadi. Toshkent shahridagi Xalqaro islom akademiyasida ICESCOning Islom sivilizatsiyasini o‘rganish bo‘yicha maxsus kafedrasi faoliyat yuritmoqda.
Hamkorlikning yangi yo‘nalishlari sifatida qo‘lyozmalar va boshqa tarixiy yodgorliklarni saqlash, restavratsiya qilish bo‘yicha tajriba almashish, bu boradagi loyihalarni amalga oshirish, arab tili o‘qituvchilarini tayyorlash va malakasini oshirish, xalqaro ilmiy va madaniy tadbirlarni tashkil etish belgilandi.
Amaliy sheriklikni yanada kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsadida O‘zbekistonda ICESCOning mintaqaviy vakolatxonasini ochish masalasi o‘rganiladi.