Qo‘mitadan minnatdormiz
“Angren shahridan sotib olgan yangi konditsionerimning qisqa muddatda nosozligi ma’lum bo‘ldi: umuman xonani isitmadi. Do‘konga bu haqda qo‘ng‘iroq qilib aytganimda mutaxassis kelb uni ta’mirlab ketdi. Bunday ta’mirlash ishlari 3 martadan ortiq takrorlanishiga qaramay konditsioner ishlamadi.
Shundan so‘ng konditsionerni sifatlisiga almashtirib berishlari yoki unga to‘langan pulni qaytarib berishlarini so‘rab tadbirkorga murojaat qildim. Ammo do‘kon tomonidan talabim bajarilmadi. Qishli-qirovli kunlarda kasalmand otam ham konditsionersiz qiynalib qoldi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 1159 Call-markazi orqali shikoyatimni bildirgandim, tez orada qo‘mitaning Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassislari yordami bilan konditsioner ekspertizadan o‘tkazildi.
Haqiqatan ham konditsionerda nuqson borligi aniqlandi va bu haqda servis xizmatidan xulosa ham berildi. Ana shu xulosa bilan nosoz konditsionerimni yangi, sifatlisiga almashtirib berildi. Men va otam bizga amaliy yordam ko‘rsatgan Raqobat qo‘mitasi mutaxassislariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.”
I.Dedikova,
Toshkent viloyati.