9-fevral kuni So‘z mulkining sultoni, buyuk shoir va mutafakkir, davlat va jamoat arbobi Mir Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi munosabati bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda Qo‘mita huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xodimlari ishtirokida “Navoiyga ehtirom” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Sh.Sharaxmetov kirish so‘zida Navoiyning insoniyat kamoloti va ma’naviyatiga qo‘shgan beqiyos hissasi, asarlaridagi falsafiy qarashlar haqida so‘z yuritdi. Hamisha ilm ahlini qo‘llab-quvvatlagan, ijod qilish bilan birga, davlat ishlarini ham bajarishga mas’uliyat bilan yondashganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Qo‘mita raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi G.Qodirova Navoiy asarlari, devonlari, shohbaytlari haqida tadbir ishtirokchilariga ma’lumotlar berdi. Navoiy ijodi misli bir ummon, bu ummonga qanchalik chuqur sho‘ng‘isang, shunchalik ko‘p duru inju terish mumkinligini aytib o‘tdi.
Adabiy kechada Qo‘mita xodimlari tomonidan Lutfiyning lutfiga sazovor g‘azalidan tortib, ruboiy, hikmatlaridan namunalar o‘qildi.
Navoiy tavalludi munosabati bilan tayyorlangan videorolik namoyish etildi.
Navoiy merosini qancha o‘rgansa, tadqiq etsa shuncha hayratlanarli, qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lishi haqida aytib o‘tildi.