O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan rejaga asosan hududlarda elektr ta’minoti korxonalarining elektr energiyasi uchun tariflarni to‘g‘ri qo‘llanilganligi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilmoqda.
Qo‘mitaning Andijon viloyati hududiy boshqarmasi rejasiga asosan joriy yilning aprel oyida o‘tkazilgan o‘rganishda “Andijon HETK” AJ tomonidan viloyatdagi diniy tashkilotlarga, shu jumladan, masjidlarga 2019-2021-yillarda elektr energiyasi uchun belgilangan tariflar noto‘g‘ri qo‘llanilganligi aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-avgustdagi “Din sohasidagi ma’naviy-ma’rifiy, ta’lim ishlari va faoliyatini yanada takomillashtirishda ijtimoiy ko‘mak va imtiyozlar berish to‘g‘risida”gi 364-son qarori va 2003-yil 10-sentabrdagi 525-F-sonli Farmoyishida O‘zbekiston Respublikasi hududidagi diniy tashkilotlarga 2003-yilning 1-sentabridan boshlab ularga ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlar (tabiiy gaz, ichimlik suvi, issiqlik energiyasi, elektr energiyasi, telefon, oqova suv va maishiy chiqindilarni tashish)ga to‘lovlarni aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha to‘lanishi qayd etilgan. Shunga qaramay, o‘rganish davomida “Andijon HETK” AJ tomonidan 2019-2021-yillarda viloyatdagi 44 ta diniy tashkilotlarga, shu jumladan masjidlarga aholi uchun belgilangan narx (295 so‘m) qo‘llanilmay, ulgurji iste’molchilar uchun belgilangan narx (450 so‘m) qo‘llanilganligi aniqlangan. Buning natijasida masjidlardan jami 74 378,9 ming so‘m ortiqcha daromad olinganligi aniqlangan.
Bugungi kunda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Andijon HETK” AJning noto‘g‘ri hisoblagan 74 378,9 ming so‘m mablag‘lar masjidlarga qayta hisob-kitob qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bunday holatlarni oldini olish maqsadida bugungi kunda Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari tomonidan o‘z hududlarida o‘rganishlar olib borilmoqda.