Joriy yil 8-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi xuzuridagi JAMOATCHILIK KENGASHI yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Kengash yigʻilishi kun tartibiga 2021-yil davomida Qoʻmita tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning yangi tahriri muhokamasi, Biologik faol qoʻshimchalar (BFQ) va oziq-ovqat qoʻshimchalari reklamasining bugungi kundagi holati, muammolari va yechimi toʻgʻrisida, 2022-yil davomida Jamoatchilik kengashi tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar muhokamasi qoʻyildi.
Jamoatchilik kengashi yigʻilishida Kengash raisi, 35 nafar aʼzolar, jurnalistlar, Qoʻmitaning Markaziy apparati va hududiy boshqarma boshliqlari ishtirok etdilar.
Yigʻilishda Qoʻmita raisining oʻrinbosari F.Karabayev oʻtgan davr mobaynida Qoʻmita tomonidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida hisobot berdi.
Jumladan, Qoʻmita tomonidan 277 ta holatda NOHALOL RAQOBATning oldi olindi, 320 ta qoʻshib yuborish va aksiyalarni (ulushlarni) olish boʻyicha bitimlarga oldindan rozilik berildi,
61% bitimlarda xorijiy investorlar ishtirok etmoqda, Davlat boshqaruvi va mahalliy hokimlik organlari tomonidan qabul qilingan 2400 ta qarorlarida RAQOBATGA ZID normalar mavjudligi aniqlandi, Davlat xaridlarida 9 mingta RAQOBATGA ZID OMILLARning oldi olindi, isteʼmolchilar va tadbirkorlarga 572 mlrd.soʻm mablagʻlari qaytarildi, 810 mln.doll. qiymatidagi bitimlarga OLDINDAN ROZILIK berilgan.
Shuningdek, yigʻilishda joriy yilning 17-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 24-yalpi majlisida “Reklama toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasi maʼqullandi. Qonun loyihasi 7 ta bob va 53 ta moddadan iborat. Qoʻmita huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori E.Xaitmetov tomonidan yangi tahrirdagi Qonun loyihasiga toʻxtalib oʻtdi.
Qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2019-yil 30-maydagi topshirigʻiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-sentyabrdagi “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5817-son Farmoni va 2020-yil 10-noyabrdagi “Aholining sogʻlom ovqatlanishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PQ–4887-son qarori va boshqa hujjatlar ijrosini taʼminlash yuzasidan ishlab chiqilgan.
“Reklama toʻgʻrisida”gi Yangi qonun loyihasida
qonun normalarini qoʻllashda noaniqliklarga olib kelgan ayrim tushunchalarga aniqlik kiritilmoqda va yangi tushunchalar kiritilmoqda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida reklama davlat tilida tarqatilishi va reklama mazmunining tarjimasi qoʻshimcha ravishda boshqa tillarda takrorlanishi mumkinligi belgilanmoqda.
Televideniye, radio, bosma ommaviy axborot vositalari va telekommunikatsiya, jumladan mobil aloqa tarmoqlarida reklama joylashtirish tartibi takomillashtirilmoqda, jumladan: mobil aloqa tarmogʻi orqali reklama tarqatilishiga faqat isteʼmolchining roziligi bilan yoʻl qoʻyilishi oʻrnatilmoqda, isteʼmolchilar hayoti, sogʻligʻi va xavfsizligi bilan bogʻliq mahsulotlar reklamasiga qoʻyiladigan talablar takomillashtirilmoqda.