Raqobat qo‘mitasining Xorazm viloyat hududiy boshqarmasiga, 2023-yilning noyabr oyida, fuqaro tomonidan savdo do‘konidan kafolat muddati bilan 25 000 000 so‘mga sotib olingan uch g‘ildirakli yuk motoroller mahsuloti nosoz chiqqanligi sababli, mahsulot iste’molchiga maqbul kelmaganligi uchun, to‘lagan pullarini qaytarib ololmayotganligidan norozi bo‘lib, ushbu masala yuzasidan amaliy yordam berilishini so‘rab murojaat qilgan.
Ushbu murojaatda qayd qilingan holatlarga oydinlik va aniqlik kiritish maqsadida, hududiy boshqarma tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, haqiqatdan ham sotib olingan mahsulot nosoz holatda ekanligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasi, 1-qismida, iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga qarab:
– tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;
– tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob- kitob qilish;
– tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;
– xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish;
– shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, ushbu talablarni iste’molchi sotuvchiga qo‘yishi belgilangan. Mazkur Qonunning 18-moddasi, 1-xatboshida iste’molchi maqbul sifatli nooziq ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e’tiboran o‘n kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqligi belgilangan.
Fuqaro Raqobat qo‘mitasiga qilgan murojaatiga asosan amalga oshirilgan tegishli ishlar natijasida sotuvchi tomonidan fuqaro foydasiga 25 million so‘m to‘langan mablag‘ qaytarib berilishi ta’minlandi.