Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda oxirgi vaqtlarda energiya limiti va ularga to‘lanadigan narxlar yuzasidan tarqalayotgan materiallar bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 204-sonli qarorida aholi uchun elektr energiyasi iste’molining bazaviy me’yor o‘lchov birligi belgilangan.
Xususan, 2024-yilning 1-may oyidan aholi uchun elektr energiyasi iste’molining bir oylik bazaviy me’yor o‘lchov birligi bo‘yicha 200 kVt soat etib belgilangan.
Ammo elektr energiyasidan belgilangan bir oylik bazaviy me’yorda kam foydalanilishiga qaramay, qimmat narxlarda hisoblanilsa bu qoidabuzarlik hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining tegishli moddalariga ko‘ra, ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyekt iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari ustun mavqeni suiiste’mol qilish deb e’tirof etiladi. Ana shu tartib-qoidalardan kelib chiqqan holda qonunbuzilish holatlarini keltirib chiqqan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga Raqobat qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda ta’sirchan choralar ko‘riladi.
Hurmatli iste’molchilar, mazkur sohada huquqlaringiz buzilgan taqdirda Raqobat qo‘mitasining qisqa raqamli 1159 ishonch telefoni orqali murojaatingizni qoldirishingiz mumkin.