Bugun 16-mart kuni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan “City Palace Tashkent” mehmonxonasida “Davlat xaridlarida til biriktirish holatlariga qarshi kurashish” mavzusida davlat xaridlari sohasida mas’ul organlarning mutasaddi xodimlari uchun o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
OECD Raqobat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Antonio Kapobianko boshchiligidagi delegatsiya vakillari tomonidan mazkur seminarga taklif etilgan vazirlik, idora va tashkilotlarning sohaga mas’ul xodimlari uchun davlat xaridlarini amalga oshirishda til biriktirish holatlari va korrupsiyaga qarshi kurashishda raqobat qonunchiligini qo‘llash va targ‘ib qilishning o‘rni hamda unda raqobat nuqtai nazaridan davlat xaridlarini amalga oshirishda til biriktirish holatlariga huquqiy tushuncha berish mavzularida taqdimotlar qilindi.
Shuningdek, seminar ishtirokchilari davlat xaridlarini amalga oshirishda til biriktirish holatlarini oldini olishda tender savdolarini o‘tkazish qoidalarini ishlab chiqish va davlat xaridlarini amalga oshirishda til biriktirish holatlarini aniqlashda shubhali dalillarni to‘plashda ilg‘or xorijiy tajriba bilan yaqindan tanishdi.
Shu bilan birga, tadbir davomida davlat xaridlari sohasiga mas’ul organlar hamda Ispaniya Raqobat organi bilan hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur o‘quv-seminar Raqobat qo‘mitasi hamda OECD hamkorligida “Raqobatbardoshlikni ta’minlashning adolatli bozor shartlari” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Shuningdek, joriy yilning 13-mart kuni “Kartel kelishuvlarga hamda davlat xaridlarini amalga oshirishda til biriktirish holatlariga qarshi samarali kurashish” mavzusida xalqaro konferensiya hamda 14-15-mart kunlari “Kartel kelishuvlarga hamda davlat xaridlarini amalga oshirishda til biriktirish holatlariga qarshi samarali kurashish” mavzusida Qo‘mita tizimi xodimlarining sohaga oid ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan ikki kunlik o‘quv-seminarlar ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillariga matbuot anjumani davomida ma’lumot berib o’tildi.
USHBU TADBIRDA JAMOATCHILIK KENGASHI AʼZOLARI ISHTIROK ETISHDI