Raqobat qo‘mitasi tomonidan boshqa vakolatli organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat xaridlarida qator oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi amaldagi sanitariya-gigiyena hamda xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Sifatsiz mahsulotlarni muomalaga chiqarish orqali qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan shaxslar, shuningdek, saqlash tartiblariga rioya etmagan sotuvchilarga nisbatan tegishli ta’sir choralari belgilanmoqda.
Hududlar kesimidagi misollar:
Samarqand viloyati
9 turdagi oziq-ovqat va xalq iste’moli tovarlari bo‘yicha nazorat xaridi o‘tkazildi. Laboratoriya tekshiruvlariga ko‘ra, Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan “555 MUKA” un mahsuloti sanitariya talablariga javob bermasligi va iste’molga yaroqsiz ekani aniqlandi. Mahsulotni savdodan olib tashlash bo‘yicha tadbirkorlarga majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Navoiy viloyati
Nazorat xaridi davomida “FORDES GROP” MChJga tegishli savdo do‘konidan Xorazm viloyatida ishlab chiqarilgan “Saodat” yodlangan osh tuzi laboratoriya sinovlarida xavfsizlik talablariga mos kelmasligi aniqlandi. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar ishlab chiqaruvchiga nisbatan chora ko‘rish uchun vakolatli organga yuborildi.
Buxoro viloyati
Laboratoriyaga topshirilgan “Sulaymon Nafosat Fayz” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Sulaymon Fayz” birinchi navli bug‘doy uni sanitariya-gigiyena me’yorlariga mos emasligi aniqlandi. Un mahsuloti savdosidan tushgan 5,7 mln so‘m mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Jizzax viloyati
Nazorat xaridi uchun “Javhar Flour Trade” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Ardus” un mahsuloti namunalari laboratoriyaga topshirilganda, unda temir va rux miqdori belgilangan me’yorlarga javob bermasligi aniqlandi. Mazkur mahsulot savdosiga chek qo‘yilib, sotuvchiga nisbatan ta’sir choralari ko‘rilmoqda.
Farg‘ona viloyati
“Troyka” nomli bug‘doy uni namunasi laboratoriya tekshiruvlarida me’yoriy talablarga nomuvofiq deb topildi. Holat bo‘yicha materiallar ko‘rib chiqish uchun vakolatli organga taqdim etildi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan nazorat xaridlari muntazam ravishda amalga oshirib borilmoqda.








