Raqobat qo‘mitasi tomonidan milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda insofsiz raqobat holatlarining oldini olish yuzasidan tizimli choralar ko‘rib kelinmoqda.
Jumladan, «Xorazm Profi School» MChJ murojaati asosida o‘tkazilgan o‘rganishlarda «Nexus School» NTM tomonidan «nexus_maktab» ijtimoiy tarmoq sahifasi hamda «Nexus International School» yozuvidan foydalanilishi iste’molchilarni chalg‘itishi va raqobatchining ishchanlik obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlandi.
Shuningdek, «Bilimintertrans» MChJ murojaati asosida o‘tkazilgan o‘rganishda «Bilim Trans School» MChJ korxona nomi «Bilimintertrans» firma nomi bilan adashtirib yuborish darajasida o‘xshash ekani aniqlanib, mazkur holat iste’molchilarni xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotni tanlash jarayonida chalg‘itishi hamda sog‘lom raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi qayd etildi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, «Nexus School» NTM hamda «Bilim Trans School» MChJga nisbatan «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 21-moddasi talablari buzilishi alomatlari bilan belgilangan tartibda ishlar qo‘zg‘atildi hamda moliyaviy jarimalar qo‘llanilib, qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik yuzasidan bajarilishi majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida «Xorazm Profi School» MChJ va «Bilimintertrans» MChJ brendlarining huquqlari tiklanib, ularning qonuniy manfaatlari ta’minlandi hamda insofsiz raqobat harakatlariga chek qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 21-moddasiga muvofiq, raqobatchining firma nomi, tovari, ishi yoki xizmatiga o‘xshash belgilar orqali iste’molchilarni chalg‘itish, noto‘g‘ri taqqoslash yoki raqobatchining ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi xatti-harakatlarni sodir etish insofsiz raqobat hisoblanadi va qonunchilikda taqiqlanadi.








