Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan yarim yili davomida jami 457 ta tanlov (tender) savdolari bo‘yicha o‘rganish ishlari o‘tkazilgan.
O‘rganish davomida, ushbu 457 ta tanlov (tender) savdolaridan 288 ta tanlov (tender) savdolarida (jami 431 ta holat: 259 ta holatda “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning
14-moddasi 1-qism, 2-xatboshi, 5 ta holatda 3-xatboshi, 2 ta holatda 5-xatboshi, 89 ta holatda 6-xatboshi talablari, 32 ta holatda ishtirokchilar o‘rtasida affillanganlik holatlari hamda 44 ta holatda baholash mezonlariga raqobatga zid talablar kiritilganligi va boshqa holatlar) qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Misol uchun, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining tegishli topshirig‘iga asosan hududiy boshqarma tomonidan maxsus axborot portalidagi ma’lumotlarga asosan davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan xaridlarda qonun talablariga rioya qilinganligi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring davomida Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Qo‘shko‘pir tuman ixtisoslashtirilgan maktabi tomonidan ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari xarid qilish uchun 19.05.2023-yilda 258804-sonli lot raqami bilan o‘tkazilgan tanlov savdosida ishtirok etgan va tanlov g‘olibi hamda zaxira g‘olibi deb topilgan talabgorlar o‘rtasida affillanganlik holati mavjudligi kuzatilgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunining
23-moddasiga asosan ishtirokchi va uning affillangan shaxsi elektron do‘kon, auksion, eng yaxshi takliflarni tanlash va tender bo‘yicha ayni bitta lotda ishtirok etish huquqiga ega emas.
Shuningdek, Qonunning 42-moddasida ishtirokchi raqobatga qarshi harakatlarni sodir etsa yoki qonunchilikni buzgan holda manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqarsa, shuningdek affillanganlik hollari aniqlansa, xarid komissiyasi yoki davlat xaridlari elektron tizimining operatori ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatishi belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan, hududiy boshqarmaning tegishli so‘rov xatiga asosan Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Qo‘shko‘pir tuman ixtisoslashtirilgan maktabi tomonidan maxsus axborot portaliga 258804-sonli lot raqami bilan joylashtirilgan e’longa muvofiq o‘tkazilgan tanlov savdosi bekor qilinishi ta’minlangan hamda tanlov savdosida kuzatilgan qonunbuzilish holatlari yuzasidan huquqiy baho berilishi uchun hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilingan.