Joriy yilning 19-aprel kuni Samarqand shahridagi «Silk Road Samarkand» sayyohlik markazida ConFEAS 2024 «Bozor infratuzilmasi va vositachilarning iqtisodiyotda tutgan o‘rni» mavzusida xalqaro birja anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Xalqaro anjuman Yevro-Osiyo fond birjalari federatsiyasi (FEAS) tomonidan O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi va «Toshkent» respublika fond birjasi bilan hamkorlikda hamda, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi ko‘magida o‘tkazilmoqda.
«ConFEAS 2024» xalqaro anjumanida dunyoning turli mamlakatlaridan yetakchi xorijiy tovar, fond va valyuta birjalari, kliring tashkilotlari, dasturiy yechimlar provayderlari va IT-kompaniyalar, xalqaro moliyaviy va konsalting tashkilotlari vakillaridan iborat 200 dan ortiq vakillar ishtirok etmoqda.
Tadbirni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farruh Karabayev kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Tadbirning panel muhokamalarida
- moliya bozori infratuzilmalari arxitekturasi,
- kapital bozorlarini rivojlanish tendensiyalari va muammolari,
- kapital bozoridan tashqari bozorlar (vositalar, texnologiyalar va sinergiya),
- moliyaviy vositachilik: biznes uchun qiyinchiliklar va imkoniyatlar,
- savdodan oldingi va keyingi jarayonlar uchun infratuzilmalar haqida so‘z yuritiladi.
Bu kabi xalqaro tadbirlar mamlakatimiz birja sanoati ravnaqida muhim bo‘lib, iqtisodiyot tarmoqlarida birja mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirish va birja savdolarini tartibga solish tizimini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.