Bugungi kunda avtomashinalarni xarid qilish hamda sotishning bir qancha oson yo‘llari bor. Ulardan biri ikkilamchi bozorda tijorat banklari orqali avtomashinani sotish va sotib olish.
Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro “Kapital bank” ATB Qarshi shahar filiali bilan shartnoma tuzib, aynan ikkilamchi bozor orqali shaxsiy avtomashinasini 89 mln so‘m evaziga boshqa bir fuqaroga sotgan, ammo tijorat banki avtomashina pullarini o‘z vaqtida egasiga topshirmagan.
Murojaatchi bir necha bor “Kapital bank” ATB Qarshi shahar filiali xodimlariga murojaat qilishiga qaramasdan muammo ijobiy hal etilmadi. Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat yo‘lladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 19-moddasiga asosan, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart.
Olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida fuqaroga “Kapital bank” ATB Qarshi shahar filialidan sotilgan avtomashinaning 89 mln so‘m puli to‘laligicha undirib berildi.