RAQOBAT QO‘MITASI TOMONIDAN ELEKTRON TIJORATDA ISTE’MOLCHILAR HUQUQLARINI TA’MINLASH, MUAMMOLAR TAHLILI VA YECHIM YO‘LLARI O‘RGANILDI
Iste’molchilar huquqlari ustuvorligini ta’minlash Raqobat qo‘mitasi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Fuqarolarning har bir murojaati alohida e’tibor bilan o‘rganilib, ularning qonuniy huquq va manfaatlari himoya qilinishi borasida Qo‘mita tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda elektron tijorat sohasi hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Fuqarolar kundan-kunga tovar va xizmatlarni onlayn tarzda xarid qilishni afzal ko‘rmoqda. Ayni paytda ushbu jarayonda iste’molchilar huquqlarining buzilish holatlari ham ko‘payib borayotganini Qo‘mitaga kelib tushayotgan murojaatlar sonidan ham bilish mumkin.
2026-yilning o‘tgan davri mobaynida Qo‘mita va uning hududiy boshqarmalariga chakana savdo, elektron tijorat hamda umumiy ovqatlanish sohalari bo‘yicha jami 6 414 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 1 230 tasi (19,2 foizi) elektron tijorat sohasiga to‘g‘ri kelgan.
Mazkur murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etilgan:
➡️ 704 tasi (57,2 foiz) iste’molchi foydasiga hal etilib, huquqlari to‘liq tiklangan;
➡️ 453 tasi (36,8 foiz) bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berilgan;
➡️ 33 tasi (2,7 foiz) esa tegishliligiga ko‘ra, boshqa vakolatli organlarga yo‘naltirilgan.
Murojaatlarning asosiy qismi yirik elektron savdo platformalari va muddatli to‘lov xizmatlariga to‘g‘ri keladi:
🔘Uzum Market — 446 ta (36,2%),
🔘Uzum Nasiya — 184 ta (14,9%),
🔘Alif Shop — 92 ta (7,5%),
🔘Ishonch do‘konlar tarmog‘i — 69 ta (5,6%),
🔘Yandex xizmatlari — 63 ta (5,1%).
Shu bilan birga, murojaatlarni tahlil qilish jarayonida elektron tijorat sohasida qator tizimli muammolar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Jumladan, elektron tijorat ishtirokchilarini identifikatsiya qilish va axborot shaffofligini ta’minlash, elektron shartnomalar va muddatli to‘lov tizimini takomillashtirish, tovarlarni yetkazib berish va mablag‘larni qaytarish mexanizmlarini yaxshilash, onlayn platformalarning mas’uliyatini kuchaytirish, sudgacha nizolarni hal qilishning raqamli mexanizmlarini joriy etish, elektron hujjat aylanishini takomillashtirish hamda iste’molchilar va tadbirkorlarning huquqiy madaniyatini oshirish kabi masalalar alohida e’tibor talab etmoqda.
Raqobat qo‘mitasi nafaqat iste’molchilardan kelib tushayotgan har qanday yo‘nalishdagi murojaatlarni vakolati doirasida iste’molchilar foydasiga ijobiy hal etishga erishmoqda, balki fuqarolar murojaatlarini chuqur tahlil qilgan holda, yuzaga kelayotgan muammolarning tizimli hal etilishi uchun tegishli takliflarni ishlab chiqmoqda.








