Raqobat qo‘mitasi birja savdolarida ko‘mir, sement va un mahsulotlari realizatsiyasini tahlil qiladi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan ko‘mir, sement hamda davlat resursi bug‘doyini xarid qiluvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan un mahsulotlarining birja savdolari orqali realizatsiya qilinishi holati tahlil qilinadi.
Tahlil doirasida mahsulotlarning narxlar dinamikasi, birja savdolaridagi realizatsiya holati hamda hududlar kesimida xarid hajmlari o‘rganiladi.
Ko‘mir mahsulotlarining ichki bozorda birja savdolari orqali sotilishi belgilangan bo‘lib, sement mahsulotlari bo‘yicha ham ishlab chiqarish hajmining muayyan qismi ichki bozorda faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, davlat resursi bug‘doyini birja orqali xarid qiluvchi un ishlab chiqaruvchilar tomonidan belgilangan miqdordagi un va kepak mahsulotlarini birja savdolari orqali sotish majburiyati belgilangan.
Mazkur tahlillardan asosiy maqsad — birja savdolarida bozor tamoyillariga rioya etilishini, mahsulotlar realizatsiyasining shaffofligini hamda narxlar shakllanish jarayonlarini o‘rganishdan iborat.








