25 MLRD SO‘MDAN ORTIQ DAVLAT XARIDLARIDA QONUNBUZILISH HOLATLARI ANIQLANIB, TEGISHLI CHORALAR KO‘RILDI
Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlari sohasida doimiy monitoring va murojaatlarni o‘rganish asosida shaffoflik va adolatli raqobatni ta’minlab kelmoqda. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan hududiy organlar tomonidan tegishli ta’sir choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan:
📍Jizzax viloyati:
Hududiy boshqarma tomonidan elektron maxsus axborot portallari ma’lumotlaridan foydalangan holda o‘tkazilgan monitoring natijasida umumiy qiymati 1,5 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Xususan, Arnasoy tuman tibbiyot birlashmasida 588,3 mln so‘mlik autsorsing xizmati; viloyat ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida 6 ta savdoda 333,1 mln so‘mlik tovar moddiy boyliklari; silga qarshi kurash dispanserida 420,0 mln so‘mlik autsorsing xizmati; Do‘stlik tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida 183,1 mln so‘mlik qurilish mollari xaridiga oid savdolarda qonunbuzilish qayd etildi.
Ishtirokchilarga asossiz talablar qo‘yilishi va talabgorlarning noto‘g‘ri baholanishi sababli “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablari buzilganligi yuzasidan ishlar qo‘zg‘atilib, bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, mas’ullarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborildi.
📍Sirdaryo viloyati:
“Issiqlik elektr tarmoqlari” AJ “Sirdaryo IES” filialida amalga oshirilgan tanlov (tender) savdolari o‘rganildi.
Umumiy qiymati 22,5 mlrd so‘mlik savdoda “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi hamda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunning 42, 46, 61-moddalari talablari buzilganligi aniqlandi.
Hududiy boshqarma tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 12-oktyabrdagi 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan ish qo‘zg‘atilib, bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
📍Farg‘ona viloyati:
Marg‘ilon shahar Obodonlashtirish boshqarmasida davlat xaridlari jarayonlarida raqobat qonunchiligiga rioya etilishi o‘rganildi. 2025-yil davomida va 2026-yilning yanvar–aprel oylarida o‘tkazilgan, umumiy boshlang‘ich qiymati qariyb 1,2 mlrd so‘mlik eng yaxshi takliflarni tanlash savdosida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Shuningdek, Buvayda tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasida ham o‘rganish o‘tkazilganida, buyurtmachi tomonidan 2025-yil va 2026-yil yanvar–aprel oylarida o‘tkazilgan, umumiy boshlang‘ich qiymati 275 mln so‘mlik eng yaxshi takliflarni tanlash savdosida qonunchilik talablariga amal qilinmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan har ikkala holat bo‘yicha “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablari buzilganligi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi. Mansabdor shaxslariga nisbatan MJtKning 178-moddasi 5-qismi asosida ma’muriy tartibda ish yuritilib, ko‘rib chiqish uchun sudga taqdim etildi.
Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlari sohasidagi monitoring ishlarini izchil davom ettirib, aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan qat’iy choralar ko‘rishda davom etadi.








