Navoiy viloyatining shahar va tumanlari kesimida tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish yuzasidan Raqobat qo‘mitasi ishchi guruhi uchrashuvlar tashkil etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-sentyabrdagi PF–193-son Farmoni ijrosini o‘rganish maqsadida Raqobat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari U. Davlatov boshchiligidagi ishchi guruh Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida mahallalar kesimida o‘rganishlar o‘tkazdi.
Tashrif doirasida tuman hokimiU. Yelmuratov bilan birgalikda hududiy shtab faoliyati o‘rganildi. Aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, kichik biznes va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, «Aytim» mahalla fuqarolar yig‘inida mahalla yettiligi faoliyati bilan tanishilib, aholining doimiy daromad manbalarini kengaytirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng Uchquduqda kaolin mahsuloti ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “SIFATLI KAOLIN” MChJ faoliyati ham o‘rganildi. Korxona to‘liq quvvatda ishga tushirilgach,100 ta yangi ish o‘rni yaratilishi, ayni paytda bu yerda 70 nafar fuqaroning doimiy bandligi ta’minlangani bilan tanishildi.
Uchrashuvlar davomida aholi va tadbirkorlarning murojaat hamda takliflari tinglanib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish va xonadonlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.








