Raqobat qo‘mitasi tomonidan EDA AI ilovasi foydalanuvchilari huquqlarini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatma berildi
Raqobat qo‘mitasi iste’molchilar murojaatlarini muntazam tahlil qilib, muammolar sabablarini o‘rganish, huquqbuzarliklarning oldini olish va aniqlangan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ish olib bormoqda.
Murojaatlar tahlili natijasida ayrim raqamli platformalar va zamonaviy axborot texnologiyalari orqali xizmatlar ko‘rsatish jarayonida iste’molchilar huquqlari va qonuniy manfaatlariga zid bo‘lgan holatlarga yo‘l qo‘yilayotgani aniqlanmoqda.
Xususan, joriy yilda Qo‘mitaga EDA AI mobil ilovasi faoliyati yuzasidan iste’molchilardan 10 dan ortiq murojaat kelib tushgan.
Murojaatlarda asosan quyidagi holatlar ko‘rsatilgan:
– ilova orqali bir oylik obuna uchun 38 000 so‘m to‘lov qilishga rozilik bildirilgan holda, karta ma’lumotlari kiritilganda yoki Payme, Click hamda boshqa to‘lov usullari tanlanganda, iste’molchini oldindan xabardor qilmasdan va uning qo‘shimcha roziligisiz bir yillik obuna qiymatida mablag‘ yechib olingani;
– obuna to‘lovi uchun bank kartasidan mablag‘larning takroran yechib olingani;
– obunani bekor qilish yoki asossiz ravishda yechib olingan mablag‘larni qaytarish imkoniyati mavjud emasligi;
– xizmat ko‘rsatuvchining aloqa ma’lumotlari va foydalanuvchilar bilan qayta aloqa o‘rnatish mexanizmi mavjud emasligi;
– iste’molchilarning mablag‘larni qaytarish haqidagi murojaatlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmayotgani;
– ilovani ishlatishdan oldin ro‘yxatdan o‘tish va telefon raqamini kiritish talabi qo‘yilgani hamda mazkur talablar bajarilganidan so‘ng obuna uchun to‘lov qilish zarurligi;
– ilovaning ishlashida texnik xatolar, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari kaloriyasini hisoblashda noaniqliklar mavjudligi;
– reklama materiallarida xizmat shartlari haqida to‘liq va aniq ma’lumot berilmagani, xususan, “Ilovani hozir yuklab oling va bepul sinab ko‘ring”, “Oson ozing” kabi reklamaviy da’vatlar orqali iste’molchilarda xizmatdan foydalanish shartlari yuzasidan noto‘g‘ri tasavvur shakllanishi mumkinligi.
Yuqorida qayd etilgan holatlar O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni talablari nuqtayi nazaridan o‘rganildi.
Jumladan, Qonunning:
🟣6-moddasiga muvofiq, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shartligi;
🟣7-moddasiga muvofiq, noto‘g‘ri reklama oqibatida sotib olingan tovar (ish, xizmat) tufayli iste’molchiga yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozimligi;
🟣19-moddasiga muvofiq, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shartligi;
🟣23-moddasiga muvofiq, iste’molchi sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnomaviy munosabatlarda qonunchilikda nazarda tutilgan o‘z talablari qanoatlantirilishi uchun ustuvor huquqqa egaligi;
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni 9-moddasiga muvofiq, tadbirkorlik faoliyati subyektlari o‘zlari tuzgan shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarishi, shuningdek, raqobat to‘g‘risidagi va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etishi shart.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida, Raqobat qo‘mitasi tomonidan “THINKING APPS” MCHJga EDA AI mobil ilovasidan foydalanish jarayonida iste’molchilar murojaatlarida qayd etilgan hamda foydalanuvchilar manfaatlariga zid bo‘lgan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatma yuborildi.
Shu bilan birga, jamiyatga iste’molchilar bilan munosabatlarda, shuningdek, reklama va marketing tadbirlarini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlari talablariga qat’iy rioya etish zarurligi yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.








