Raqobat qo‘mitasi o‘rganishlari natijasida chet el fuqarolarining foydalanilmagan 9 mln 700 ming so‘mdan ortiq aviachipta puli aviakompaniya tomonidan qaytarib berilishi ta’minlandi
Raqobat qo‘mitasining ijtimoiy tarmog‘i (Instagram) orqali «Centrum Air» aviakompaniyasi tomonidan yo‘lovchilarning huquqlari buzilayotgani, xususan, reys bekor qilingan, ammo chipta uchun to‘langan mablag‘lari qaytarilmayotgani yuzasidan xorijlik fuqarolar B.K va B.A.larning murojaati qoldirilgan.
Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda ikki nafar murojaatchining Boku – Toshkent – Bangkok hamda Bangkok – Toshkent – Boku yo‘nalishi bo‘yicha rasmiylashtirilgan aviachiptalari mavjudligi aniqlandi. Biroq aviakompaniya tomonidan joriy yilning 13-iyul kuni Toshkent – Bangkok hamda 20-iyul kuni Bangkok – Toshkent reyslari bekor qilingan. Shu munosabat bilan mazkur yo‘lovchilar zarurat tufayli yangi aviachiptalar xarid qilib, Toshkent – Bangkok va Bangkok – Boku yo‘nalishlari bo‘yicha safarlarini amalga oshirgan.
Ammo aeroportda aviakompaniyaning rasmiy vakillari tomonidan chipta qiymatini 100 foiz qaytarish huquqini tasdiqlovchi, aviakompaniya muhri qo‘yilgan rasmiy qaytarish dalolatnomasi berilgan bo‘lsa-da, aviachipta pullari belgilangan muddatda qaytarilmagan.
O‘rganishlar natijasida foydalanilmagan aviachipta uchun to‘langan 9 mln 700 ming so‘mdan ortiq (808,62 AQSH dollari) mablag‘ yo‘lovchilarga «Centrum Air» aviakompaniyasi tomonidan to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
Shuningdek, yuzaga kelgan noqulayliklar inobatga olingan holda aviakompaniya tomonidan istisno tariqasida har ikki yo‘lovchiga «Centrum Air»ning istalgan muntazam yo‘nalishi bo‘yicha bir martalik bepul parvoz sertifikatini taqdim etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunining 21-moddasiga muvofiq, sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar yoki xizmatlarni olishga majbur qilishga, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq undirishga haqli emas.








