Raqobat qo‘mitasi ta’lim xizmatlari sohasida murojaatlarning qariyb 96 foizi nodavlat ta’lim xizmatlariga to‘g‘ri kelib, ularning soni ortib borayotganligi sababli sohada mavjud muammolarni hal etish yuzasidan takliflarini vakolatli organlarga yubordi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish hamda xizmatlar bozorida sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash doirasida nodavlat ta’lim xizmatlari sohasidagi mavjud holatni tahlil qildi.
So‘nggi uch yil davomida Qo‘mitaga kelib tushgan 103,5 mingta murojaatning 2 070 tasi ta’lim xizmatlariga oid bo‘lib, ularning qariyb 96 foizi nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyati bilan bog‘liq. Mazkur murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida iste’molchilar foydasiga qariyb 1 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki:
➡️ fuqarolar asosan, ta’lim sifati talab darajasida emasligi;
➡️ ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq undirilishi;
➡️ shartnoma shartlari va pulni qaytarish tartibi haqida yetarli ma’lumot berilmasligi;
➡️ muddatli to‘lov shartnomalarini bekor qilishdagi muammolar;
➡️ reklamada va’da qilingan xizmatlarning amalda bajarilmasligi kabi holatlardan norozi bo‘lmoqda.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq ta’lim sifati ustidan davlat nazorati amalga oshiriladi. Biroq nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish jarayonini tartibga soluvchi aniq mexanizmlar hamda pullik ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishning yagona qoidalari mavjud emasligi ayrim hollarda iste’molchilar huquqlari buzilishiga sabab bo‘lmoqda.
Qo‘mita tomonidan xorijiy tajriba ham o‘rganildi. Xususan, Fransiyada Qualiopi, Niderlandiyada NRTO, Shveysariyada esa EduQua tizimlari orqali xususiy ta’lim xizmatlari sifatini auditdan o‘tkazish va sertifikatlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular xizmatlar sifati, shaffoflik va iste’molchilar manfaatlarini ta’minlashda muhim vosita sifatida qo‘llanilmoqda.
Mazkur tahlillar asosida nodavlat ta’lim xizmatlari bozorini yanada takomillashtirish hamda iste’molchilar huquqlarini kuchliroq himoya qilish maqsadida quyidagi takliflar ilgari surilmoqda:
⏺️ nodavlat ta’lim xizmatlari uchun ixtiyoriy sertifikatlash tizimini joriy etish;
⏺️ Nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan pullik ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
⏺️ ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlarning iste’molchilar bilan munosabatlariga qo‘yiladigan minimal talablarni belgilash.
Ushbu takliflarning amalga oshirilishi ta’lim xizmatlari sifatini oshirish, iste’molchilarning huquqlarini ishonchli himoya qilish, xizmatlar bozorida halol raqobatni rivojlantirish hamda sohada yagona va shaffof tartiblarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Raqobat qo‘mitasi mazkur tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z takliflarini vakolatli davlat organiga yubordi hamda ushbu jarayonlardagi muammolarni bartaraf etish borasida Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qilamiz.








