Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Respublika tovar-xomashyo birjasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi PQ-120-sonli qarori asosida tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35-yilligini keng nishonlash doirasida Yangi O‘zbekistonda so‘nggi 10-yil davomida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini keng yoritish bo‘yicha media-reja” ijrosini ta’minlash maqsadida “Birjada yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar savdosi va davlat xaridlari masalalari” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, “O‘zkimyosanoat” AJ tizimi korxonalari, “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zmetkombinat” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “Navoiy KMK” AJ, “Toshkent metallurgiya zavodi” AJ va boshqa yuqori likvidli mahsulot sotuvchilari, soha mahsulotlari importchilari, brokerlik idoralari hamda treyderlar ishtirok etishdi.
Xususan, o‘tgan ikki yil davomida respublikada davlat va korporativ xaridlarni amalga oshirish, birja savdolarini tashkil etish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohalarini tartibga solishni takomillashtirish maqsadida bir qator yangi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Shuningdek, amaldagi qonunchilik talablariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Tadbir davomida korxonalar va tadbirkorlik subyektlari uchun yangi normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati hamda yoqilg‘i, kimyo sanoati, og‘ir sanoat sohasida mahsulotlarini sotishda birja savdolarini tashkil etish, davlat va korporativ xaridlarni amalga oshirishda qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik masalalari bo‘yicha tushuntirish taqdimotlari o‘tkazildi.
Ma’lumot o‘rnida. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Hukumatning tegishli qarorlarda belgilangan faqat birja savdolari orqali sotilish belgilangan tovarlar ro‘yxati 57 tadan ortiqni tashkil etmoqda hamda tovarlar asosan spot va forvard bitimlari bo‘yicha realizatsiya qilinmoqda.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar realizatsiyasi holatining doimiy monitoringi olib borilmoqda.








