Raqobat qo‘mitasiga «Food City Tashkent» MChJ hududida muz mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor murojaat qilib, bozor ma’muriyati tomonidan sun’iy to‘siqlar yaratilayotganini bildirgan.
Xususan, bozor hududiga qadoqlangan va qadoqlanmagan muz olib kirish uchun to‘lov miqdori bir necha barobar oshirilib, bir kun uchun to‘lov 737 ming so‘m etib belgilangani hamda bu orqali tadbirkorni bozordan siqib chiqarishga urinilayotgani qayd etilgan.
Murojaatda keltirilgan holatlar yuzasidan Qo‘mita tomonidan o‘rganish ishlari olib borilib, bozor ma’muriyatiga so‘rov yuborildi. Ishni ko‘rib chiqish jarayonida o‘tkazilgan muloqotlar natijasida «Food City Tashkent» MChJ hamda tadbirkor o‘rtasida kelishuvga erishildi. Natijada murojaatda ko‘tarilgan muammo ijobiy hal etilib, asossiz oshirilgan to‘lov miqdori bekor qilindi.
Ushbu o‘rinda, Raqobat qo‘mitasi mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha ustun muzokara kuchiga ega subyektlarni ogohlantiradi.
“Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasiga asosan ustun mavqega ega bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi tomonidan bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni yoki narxni bir tomonlama belgilash imkoniyatining mavjudligi ustun muzokara kuchi deb e’tirof etiladi. Ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilish “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan tartibda moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.







