Davlat xaridlarida narxlarni sun’iy oshirishga qarshi yangi mexanizm joriy etilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ–1155-son Qonun bilan davlat xaridlari sohasida ochiqlik va samaradorlikni ta’minlashga qaratilgan muhim o‘zgartishlar kiritildi.
Xususan, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunning 33-moddasi davlat xaridlarida sotib olinadigan tovarlar va xizmatlarning narxi hamda ularning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi tafovutning eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan aniq chegarasini belgilashga oid yangi normalar bilan to‘ldirildi.
Unga ko‘ra, davlat buyurtmachilari davlat xaridlarini amalga oshirishda tovarlar va xizmatlarning narxi hamda ularning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi tafovut bo‘yicha belgilanadigan talablarga qat’iy rioya qilishi shart bo‘ladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi»ga kiritilgan qo‘shimchaga muvofiq, davlat xaridi predmetining boshlang‘ich narxi bilan uning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasida yo‘l qo‘yiladigan tafovutning eng ko‘p miqdoriga nisbatan belgilangan talabni buzish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Mazkur tartib davlat xaridlarida narxlarni sun’iy oshirish holatlarining oldini olish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, raqobat muhitini yanada yaxshilash hamda korrupsiyaviy xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Qonunga muvofiq, davlat xaridlarida sotib olinadigan tovarlar va xizmatlarning o‘rtacha bozor narxini o‘rganish va aniqlash, ularning boshlang‘ich narxi hamda o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi tafovutning eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan aniq chegarasini belgilash, shuningdek narxlarning shakllantirilishi yuzasidan nazorat o‘rnatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan uch oy muddatda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.








